“Forish” poligonida “ArMI-2022” xalqaro armiya oʻyinlari musobaqalariga start berildi

0
1820

Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida “ArMI—2022” VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining Oʻzbekiston mezbonlik qilayotgan “Qurolsoz usta”, “Xavfsiz muhit” va “Dala oshxonasi” musobaqalariga bugun, 15-avgust kuni start berildi.

Vazirlik tomonidan respulika OAV vakillari uchun “Forish” poligonida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi. Shuningdek, Xalqaro armiya oʻyinlari hakamlari ishtirokida matbuot anjumani ham tashkil etilib, unda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga spikerlardan to‘liq ma’lumotlar oldilar.

Shundan soʻng OAV vakillari poligonda musobaqa ishtirokchilari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shu bilan birga, “Dala oshxonasi” musobaqasi oʻtkaziladigan hududda boʻlib, turli davlatlardan kelgan harbiy oshpazlarning mahoratlarini kuzatdi.

Kechki soat 19:00 da poligon saf maydonida “ArMI—2022” xalqaro armiya oʻyinlarida Oʻzbekiston mezbonlik qilayotgan musobaqalarning tantanali ochilish marosimi boshlandi.

Unda Mudofaa vazirligi va ishtirokchi davlatlar masʼullari, senatorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, faxriylar va yoshlar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrining koʻrgazmali defilesi, taniqli badiiy jamoalar va sanʼatkorlar ijrosidagi katta konsert dasturi hamda turli xalqlar madaniyatini ifoda etuvchi badiiy chiqishlar namoyish qilindi. Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari qurol bilan koʻrgazmali chiqishlarni ijro etdi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoalari bu yil mazkur
VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining 20 ta yoʻnalishida ishtirok etyapti. 34 ta yoʻnalishni qamrab olgan musobaqalarda 37 ta davlatdan 257 ta jamoa oʻzaro bellashishadi.

Eslatib oʻtamiz, 2021-yil xalqaro armiya oʻyinlarida 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi oʻzaro kuch sinashgan boʻlib, unda mamlakatimiz jamoalari 24 yoʻnalishda ishtirok etgan. Umumiy natijalarga koʻra mamlakatimiz jamoalari 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan holda umumjamoa hisobida 2-oʻrinni egallagan, shuningdek, jami 37 ta rekord natijadan 10 tasini yurtimiz harbiy xizmatchilari yangilagan edi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

kommunikatsiyalar departamenti