“ArMI—2022”: Tankchilarimizdan dadil debyut

0
2341

Avval xabar berganimizdek, bugun, 13-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Alabino” poligonida VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining “Tank biatloni” musobaqasiga start berildi. Musobaqaning birinchi divizioni yakkalik poyga shartida Oʻzbekiston tankchilari Vyetnam, Venesuela va Qozogʻiston jamoalarining birinchi ekipaj aʼzolari bilan oʻzaro bellashdi.

Unda vakillarimiz qizil, vyetnamliklar koʻk, Venesuela jamoasi sariq va qozogʻistonliklar yashil rangli tanklarda harakat olib bordi. Tank komandiri katta leytenant Shahzod Mamadiyorov, moʻljalga oluvchi kichik serjant Islom Sobirov va mexanik-haydovchi katta serjant Karimjon Urinovdan iborat 1-ekipajimiz mazkur jamoalar bilan munosib bellashdi.

Musobaqaning yakkalik poyga shartiga koʻra, T-72B3 tanklarida ekipaj aʼzolari turli toʻsiqlardan oʻtib, belgilangan nishonlarni yakson qilishi kerak. Agar nishonni moʻljalga olishda xatolikka yoʻl qoʻyilsa, jamoa jarima aylanasidan yurishiga toʻgʻri keladi.

Shunday qilib, Xalqaro armiya oʻyinlarining eng jozibali va qiziqarli yoʻnalishi boʻlmish “Tank biatloni” musobaqasining bugungi bahsi yakuniy natijalariga koʻra, Venesuela jamoasi 47 daqiqayu 5 soniyada, vyetnamlik tankchilar ekipaji 34 daqiqayu 53 soniyada finishga yetib keldi. Qozogʻistonliklar esa 25 daqiqayu 57 soniyada bosib oʻtgan boʻlsa, vakillarimiz 25 daqiqayu 18 soniya natijani qayd etib, oʻz guruhida peshqadamlikni qoʻlga oldi.

Musobaqa davomida hali ikkinchi va uchinchi ekipaj aʼzolarining ham chiqishlari bor. Vakillarimizning bugungi shiddatli ishtirokini koʻrib aytish mumkinki, tankchilarimiz birinchi qadamni dadil va ishonchli tashlab oldi. Oʻylaymizki, oldindagi bahslarda yurtdoshlarimiz bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, sovrindorlar safidan munosib joy oladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, vakillarimiz harakat olib borayotgan birinchi divizionda jami 10 ta jamoa birinchilik uchun kurashadi, bular: Ozarbayjon, Belarus, Vyetnam, Venesuela, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston va Rossiya Federatsiyasi. Yurtdoshlarimiz ishtirokidagi keyingi bahslar 16-avgust va 20-avgust kunlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

 

Katta leytenant Orif Mamajonov,  Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati, “Alabino” poligoni