Oʻzbekiston mudofaa vaziri Tojikiston harbiy delegatsiyasini qabul qildi

0
3087

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Kurbanov Mudofaa vazirligida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo rahbarligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

Unda general-leytenant Bahodir Kurbanov Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikasi oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona munosabatlarga alohida toʻxtalib, kelgusida uning doirasi yanada kengaytirilishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, uchrashuv davomida hamkorlik masalalari nafaqat siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda, balki mudofaa va xavfsizlik sohalarida ham misli koʻrilmagan bosqichlarga koʻtarilgani taʼkidlanib, mudofaa sohasidagi oʻzbek-tojik munosabatlarining holati, ularni kengaytirish choralari hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama etildi.

Muhokamalardan soʻng Tojikiston Respublikasi harbiy xizmatchilarini Oʻzbekiston oliy harbiy taʼlim muassasalarida taʼlim olishini tashkillashtirish borasida qoʻshimcha shartnoma imzolandi.

Shundan soʻng mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Kurbanov hamrohligida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasini boshqarish milliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti