Bilim va ko‘nikmani oshirishga qaratilgan oʻquv-uslubiy yigʻin

0
1171

Harbiy qism, batalyon komandirlari va muassasa boshliqlari har tomonlama shaxsiy tarkibga oʻrnak boʻlishga, ularni toʻgʻri boshqarish hamda harbiy xizmatchilarning qobiliyatlarini toʻgʻri yoʻnaltirgan holda yuqori qoʻmondonlik tomonidan berilgan topshiriqlarni tezkor bajarishga, shuningdek, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligi uchun javobgar hisoblanadi.

Shu bois ularning kasbiy mahoratlarini va tajribalarini yanada oshirib borish yo‘lida oʻtkazilayotgan oʻquv-uslubiy yigʻinlar muhim ahamiyatga ega.

Shu kabi yig‘inlarning navbatdagi Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Fargʻona garnizonida okrug qoʻshinlaridagi harbiy qism va batalyonlar komandirlari ishtirokida tashkil etildi.

Yigʻin “Har bir komandir bevosita oʻz boʻysunuvchilarini oʻrgatadi”, “Ustoz-shogird”, “Oddiydan — murakkabga” kabi tamoyillariga asosan Fargʻona dala oʻquv maydoni hamda Margʻilon shahridagi harbiy qismda tashkillashtirildi. Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni oʻquv-uslubiy yig‘in davomida mas’ul ofitserlarga uning maqsadi va vazifalari bo‘yicha tushunchalar berdi.

Yig‘in ishtirokchilari uchun maxsus oʻquv nuqtalari tashkil etilgan boʻlib, ular bu yerda kerakli maʼlumotlarni olish bilan bir qatorda oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini ham sinovdan oʻtkazishdi.

Oʻquv-uslubiy yigʻinning navbatdagi kunida jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlari o‘tkazildi. Bunda yurt oʻgʻlonlari oʻzlarining tayyorgarlik sifatlarini namoyon etgan holda jismoniy tayyorgarlik meʼyorlarini bajarishdi. Shundan soʻng, harbiy qismda oʻquv yili dasturlariga kiritilgan mashgʻulotlar sifatini yanada oshirish va takomillashtirishga qaratilgan nazariy mashgʻulotlar boʻlib oʻtdi.

Bu kabi oʻquv uslubiy yigʻinlar har bir komandir hamda mas’ul harbiy xizmatchilarning bilim va koʻnikmalarini oshirishga, tajribalarini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati