Harbiy tibbiyot sohasidagi izchil hamkorlik

0
1271

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Koreya Respublikalari oʻrtasida barcha sohalardagi kabi harbiy sohada ham izchil hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Mamlakatimiz rahbarining tibbiyot sohasiga alohida eʼtibor qaratayotgani harbiy tibbiyot sohasida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Xususan, 2021-yilda harbiy tibbiyot rahbarlarining konstruktiv va doʻstona muhitdagi samarali muzokaralari shuningdek ikki davlat Mudofaa vazirliklari oʻrtasida harbiy tibbiyot sohasidagi hamkorlikka oid memorandumning imzolanishi oʻzbekistonlik harbiy tibbiyot xodimlarini Koreyaning eng rivojlangan harbiy-tibbiyot markazlarida oʻz bilim va tajribalarini oshirayotgani buning yaqqol natijasidir.

Bugun, 30-iyul kuni Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari Tibbiyot qoʻmondoni general Choy Byung Seop rahbarligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni vazirlikning Tibbiy taʼminot boshqarmasi boshligʻi tibbiy xizmat polkovnigi B. Abdulaxatov qabul qildi.

Uchrashuvda tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, uni yanada jadallashtirish borasida fikr almashdilar. Tibbiyot sohasiga yuqori texnologik tibbiy va jarrohlik amaliyotlarini, zamonaviy davolash standartlari va usullarini tatbiq etish, tibbiyot fani va harbiy tibbiyot sohasidagi dolzarb muammolarga bagʻishlangan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, tibbiyot fani va farmatsevtika sohasidagi yangi texnologiyalar, axborot kommunikatsiyalari va vositalari, elektron tibbiyotni qoʻshinlar tibbiy taʼminot tizimiga tadbiq etish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik olib borishga kelishildi.

Shundan keyin mehmonlar poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi, xususan “Shon-sharaf” muzeyidagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti