«Milliy kurash» va «Pichoq jangi» musobaqasi g‘oliblari aniqlandi

0
1203

Avval xabar berganimizdek, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti sport majmuasida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosida «Milliy kurash» va «Pichoq jangi» musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqa qo‘shinlarda milliy kurash va pichoq jangi sport turlarini yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilar o‘rtasida ommalashtirish hamda ularning jangovar ruhini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Bir necha kun davom etgan bellashuvlarda barcha harbiy okruglar, harbiy qism va muassasalardan saralanib kelgan yurt o‘g‘lonlari ishtirok etdi.

Bugun, 27-iyul kuni musobaqaning final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur musobaqalarning saralash hamda yarim final bosqichida g‘olib bo‘lgan eng kuchlilar maydonga ko‘tarildi.

Harbiy sportchilar o‘z jamoalarining sha’nini himoya qilib, bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda g‘oliblik sari ishonchli harakat qildilar. Ularning har bir harakati, xato va kamchiliklari tajribali hakamlar tomonidan odilona nazorat qilib borildi.

Bellashuvlarning yakuniy natijalarga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar har bir yo‘nalish va vazn toifasida alohida taqdirlandilar.

“Pichoq jangi” bo‘yicha umumjamoa hisobida 3-o‘ringa Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug va Markazi harbiy okrug, 2-o‘ringa esa Toshkent harbiy okrugi jamoalari munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Sharqiy harbiy okrug jamoasi 1-o‘rinni egallab, mutlaq g‘oliblikni  qo‘lga kiritdi. “Milliy kurash” bahslarida 3-o‘rin Sharqiy harbiy okrug, 2-o‘rin Toshkent harbiy okrugiga nasib qilgan bo‘lsa, ushbu turda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug jamosi mutlaq g‘alabaga erishdi.

G‘olib va sovrindorlar mudofaa vaziri kubogi, medal hamda diplomlar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti