“Milliy kurash” va “Tosh koʻtarish” boʻyicha mudofaa vaziri kubogi musobaqalari gʻoliblari aniqlandi

0
1638

Joriy yilning 25-may kunidan Mudofaa va Sportni rivojlantirish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida 30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Milliy kurash” va “Tosh koʻtarish” sport turlari boʻyicha mudofaa vaziri kubogi musobaqalariga start berilgan edi.

Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida bugunga qadar davom etgan mazkur musobaqalarda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 400 mingga yaqin havaskor polvonlar ishtirok etdilar.

Yoshlar oʻrtasida toʻrt bosqichda va toʻrt vazn toifasida oʻtkazilgan bellashuvlarning dastlabkisi 25-maydan 12-iyungacha – mahallalarda, 13-iyundan 19-iyungacha tuman va shahar bosqichlarida, 20-iyundan 25-iyungacha esa viloyatlarda oʻtkazildi.

Bugun, 29-iyun kuni Mudofaa vazirligi sport markazida mudofaa vaziri kubogi musobaqalarining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda shu kungacha kechgan shiddatli bellashuvlarda mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritgan eng kuchli polvonlar ishtirok etdi.

Darhaqiat, har bir bellashuv yuzlab polvonlar orasidan yangi iqtidorlilarni kashf etayotgani bilan ahamiyatli boʻldi. Har ikkala sport turi ham qadimdan ota-bobolarimiz uchun mardlik va pahlavonlik, jasorat va halollik namunasi sifatida ardoqlanadi. Buni teran his etib maydonga tushgan bugunning yoshlari gʻoliblik uchun bor mahorat va chapdastliklarini ishga soldilar.

Yakuniy natijalarga koʻra, dastavval ikki sport turi boʻyicha har bir vazn toifasida kuchli uchliklar aniqlanib, ularga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar tantanali topshirildi.

Umumjamoa hisobida (yoshlar oʻrtasida):

  • I oʻrin — Toshkent shahri;
  • II oʻrin — Buxoro viloyati;
  • III oʻrin — Sirdaryo viloyati.

Harbiy xizmatchilar oʻrtasida:

  • I oʻrin — Mudofaa vazirligi;
  • II oʻrin — Davlat xavfsizlik xizmati;
  • III oʻrin — Ichki ishlar vazirligi.

Shunday qilib yoshlar oʻrtasida Toshkent shahri vakillari, harbiy xizmatchilar oʻrtasida mudofaa vazirligi vakillari mudofaa vaziri kubogini qoʻlga kiritdi.  

Gʻoliblarga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov kubok, diplom va qimmatbaho sovgʻalarni tantanali ravishda topshirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti