Innovatsion gʻoyalar va ishlanmalar haftaligiga start berildi

0
1058

Bugungi jadal oʻzgarishlar davrida har qanday davlatning taraqqiy etishi bevosita innovatsiyalarga bogʻliq, shu maʼnoda yangilangan Oʻzbekistonning innovatsion gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi tashabbusi yanada yuksalmoqda. Xususan, mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan maxsus yoʻnalishdagi ilmiy faoliyat yanada kengaytirildi. Bunda Mudofaa vazirligi tizimida ilgʻor gʻoyalar, fan va texnika yutuqlariga muvofiq kadrlar tayyorlashning sifat darajasini oshirish, tizimga yangi innovatsiyalarni joriy etish, ilmiy-texnik loyihalar qamrovini kengaytirishga asos boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oʻrtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorligi toʻgʻrisidagi memorandum ilm-fan va innovatsiyalar yoʻnalishida hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Joriy yilning fevral oyida oʻtkazilgan “Armiya va xalq yakdil” shiori ostidagi haftaligda harbiy taʼlim muassasalaridan 20 ga yaqin ishtirokchi 41 ta loyiha bilan qatnashgan.

Hamkorlik doirasida 2022-yilning 27-iyunida “Mudofaa vazirligi haftaligi” shiori ostida Innovatsion haftalik tashkil etildi. Ushbu haftalikning boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda mudofaa vazirining o‘rinbosari Alisher Narbayev ishtirok etdi.

Mazkur haftalik davomida oʻtkaziladigan koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi hamda Tibbiyot akademiyasi, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti, Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, Buxoro davlat universitetining harbiy taʼlim fakulteti professor-oʻqituvchilari va kursantlari 55 ga yaqin innovatsion gʻoya va ishlanmalar, texnologiyalar, prototiplar va modellar, innovatsion mahsulotlar hamda drayver loyihalari bilan ishtirok etishmoqda.

Jumladan, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutidan kursant Xayri Musinov “Yuz detektori” identifikatsiya qilish tizimi va kursant Jahongir Mamaniyozov “Dron” mexanik ravishda uchuvchi va kuzatuvchi qurilmasi bilan ishtirok etgan boʻlsa, Qurolli Kuchlar akademiyasidan podpolkovnik F. Norgitov innovatsion “skaladrom” loyihasini yigʻilganlarga namoyish etdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtidan podpolkovnik Xikmatillo Dusmatov “vodorod bilan harakatlanuvchi dvigatel” loyihasi koʻpchilikda yaxshi taassurot qoldirdi.

Innovatsion haftalikda jami Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalarida yaratilgan 55 dan ortiq ilmiy loyihalar namoyish etiladi.

Innovatsion haftaligi doirasida ilmiy ishlanmalar va startap loyihalar koʻrgazmasi bilan birgalikda seminar trening va mahorat darslari ham boʻlib oʻtadi.

Koʻrgazma mudofaa sohasidagi innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berilishi bilan birga barcha ishtirokchilar uchun oʻz gʻoyalarini faoliyatga samarali tatbiq etish uchun ajoyib maydon vazifasini oʻtaydi. Namoyish etilgan mahsulotlar, loyihalar va gʻoyalar mamlakatimiz mudofaasi sohasini yanada takomillashtirish uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti