Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigi

0
1027

Hurmatli harbiy matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, harbiy jurnalistlar va faxriylar!

Avvalambor, barchangizni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni hamda Mudofaa vazirligi markaziy matbuot nashri “Vatanparvar” gazetasining 30 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan mamlakatimizda izchil demokratik islohotlar kechayotgan bugungi kunda, Yangi Oʻzbekistonning dunyo maydonida oʻzining munosib oʻringa ega boʻlishida matbuot va ommaviy axborot vositalarining beqiyos xizmatini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, nashriyot va matbaa, radio va televideniye, internet sohasi fidoyilari bilan bir qatorda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti shaxsiy tarkibi, shu jumladan uning tarkibidagi “Vatanparvar” birlashgan tahririyati ijodiy jamoasi, harbiy okrug va qoʻmondonlik matbuot xizmatlari qoʻshinlar faoliyatini, harbiy sohada kechayotgan islohot va oʻzgarishlarni keng targʻib qilish borasida fidoyilarcha xizmat qilib kelayotganini eʼtirof etish joiz.

Oʻzbekistonda harbiy matbuot, harbiy jurnalistikaning shakllanishi 1992-yil “Vatanparvar” gazetasining chop etilishi, 1994-yildan esa televideniyeda “Vatanimga xizmat qilaman!” nomli koʻrsatuvning efirga uzatilishi bilan boshlangan. Mustaqilligimizning dastlabki yillardanoq murakkab sharoitlarga qaramasdan, Vatanni himoya qilish muqaddas burch ekanligini, harbiy xizmat va kasbni keng targʻib qilgan insonlarga chuqur minnatdorligimni bildiraman.

Bugun Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallarida, internet tarmoqlarida, respublika va viloyat miqyosidagi gazeta va jurnallarda Qurolli Kuchlarimiz faoliyati, xususan, mamlakatimiz mudofaa siyosatiga doir namoyish etilayotgan koʻrsatuv va reportajlar, videoroliklar, radioeshittirishlar, eʼlon qilinayotgan tahliliy maqolalar va boshqa axborotlar Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti va matbuot xizmatlari ijodiy jamoalarining mehnat mahsulidir. Bu insonlar poligonlarda, dala oʻquv maydonlarida harbiy xizmatchilar bilan tengma teng ravishda oʻquv mashqlarini, ularning matonati va fidoyiliklarini tasvirga oladilar, yozadilar. Farzandini harbiy xizmatga joʻnatgan ota-onalarga oʻgʻli muqaddas Vatan himoyasida, mard oʻgʻlonlar safida ekanligini namoyish etadilar. Ana shunday jarayonlarda kadr ortida boʻlgan muharrir, muxbir, rejissyor, tasvirchi va boshqa texnik xodimlarning mehnati, ijodiy mahsuloti tahsinga loyiq.

Bugun “Vatanparvar” birlashgan tahririyati jamoasi kasb bayrami bilan birgalikda 30 yillik yubileyini ham nishonlamoqda. Oʻtgan yillar mobaynida mazkur ijodiy jamoaning oʻn nafari davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Toʻrt nafari “Oltin qalam” xalqaro tanlovida gʻolib boʻlgan. Jamoa orasida “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Yilning eng faol sport jurnalisti” nomiga sazovor boʻlganlar, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi aʼzolari bor. Shu davrgacha ijodiy jamoa “Vatanparvar” gazetasi hamda “Oʻzbekiston armiyasi” jurnalini chop etish bilan birga oʻndan ortiq nomdagi kitoblarni nashrga tayyorlab, qoʻshinlarga yoʻllagan.

Hurmatli harbiy matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, harbiy jurnalistlar va faxriylar!

Sizlarning mashaqqatli mehnat mahsulingizni millionlab odamlar doimo katta qiziqish va eʼtibor bilan kutadi. Shuning uchun ham insonlarni yangi marralar sari safarbar etish, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda sizlarning taʼsirchan soʻzingiz, pozitsiyangiz suv bilan havodek zarur.

Sizlarni qutlugʻ sana bilan yana bir bor tabriklar ekanman, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali Oʻzbekistonning mudofaa siyosatini ifoda etish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, davlat va fuqarolar oʻrtasida ochiq va samarali muloqot olib borishdagi ishlaringizda, ezgu va xayrli xizmatlaringizda kuch-quvvat, ijodiy kamolot va muvaffaqiyatlar tilayman.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir QURBONOV