Kursantlikdan — leytenantlikka: bilim yurtida bitiruv tantanasi o‘tkazildi

0
2061

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida ofitser boʻlishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim-tarbiya olgan oʻgʻlonlarning navbatdagi bitiruv tantanalari boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizdagi nufuzli va tayanch oliy harbiy taʼlim muassasalaridan biri sanalgan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida oʻtkazilgan bitiruv tadbirida mazkur oliy harbiy taʼlim dargohi bitiruvchilari saflarga kuzatildi.

Ushbu tantanali marosimda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, yosh ofitserlarni samimiy qutlab, ularga taʼlim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini eʼtirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilariga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti bitiruvchilariga diplom va koʻkrak nishonlarni mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzosi, O‘zbekiston Qahramoni, Senat a’zosi Sodiqjon Turdiyev, Bandlik va mehnat munosabatlari vazir o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov, Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlaridan kelgan mehmonlar birgalikda tantanali topshirdilar. Ularga yangi-yangi dovonlarni zabt etishlarida tolmas kuch-quvvat tilashdi.

Shuningdek, ota-onalar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi xizmat faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Yosh leytenantlar ham zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni his qilgan holda bildirilgan yuksak ishonchga munosib faoliyat yuritishga vaʼda berdilar. Yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va koʻnikmalar uchun oʻz minnatdorligini izhor qildilar. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari va taniqli sanʼatkorlarning chiqishlari bayramona tadbirga koʻtarinki ruh baxsh etdi.

 

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti