Nukusda armiya biatloni va yarim marafon yugurish musobaqasi o‘tkazildi

0
1424

Nukus garnizoni sport bazasida “Men g‘olib!” shiori ostida “Armiya biatloni” hamda 10 kilometrga “Yarim marafon yugurish” bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

Armiya biatloni — harbiy xizmatchilarning chidamliligini, shijoati va matonatini sinaydigan murakkab bellashuv sifatida e’tirof etilgan. Xususan, u relefning notekisliklarida yugurish, arqonga osilib chiqish va tushish, granatani aniqlikka uloqtirish, yugurish to‘siqlaridan o‘tish, pichoqni uloqtirish va kichik kalibrli miltiqdan o‘q otish kabi harbiy-amaliy sport turlarini o‘z ichiga oladi.

Mazkur musobaqada har bir jamoada 3 nafardan ishtirokchi bo‘lgan jami 10 ta jamoa yakkalik va jamoaviy bahslarda o‘zaro kuch sinashishdi.

Birinchi bosqichda ishtirokchilar 1,5 kilometr masofaga yugurish davomida uchta mashqni, ya’ni yugurib kelib 6 metr balandlikdagi arqonga qurol bilan o‘rmalab chiqish va tushish, yugurib kelgandan so‘ng granatani aniqlikka uloqtirish, yotgan holda quroldan nishonga qarata o‘q otish shartlarini bajarishdi. Ikkinchi bosqichda ham jamoalar 1,5 kilometr masofani bosib o‘tib, 5 metr uzoqlikdan nishonga pichoq sanchish, yugurishning 5 ta to‘sig‘ini yengib o‘tish hamda turgan holatda nishonlarga qarata kichik kalibrli quroldan o‘q otish shartlarini bajardilar. 10 kilometr masofaga yarim marafon yugurishda esa har bir  jamoadan 5 nafardan ishtirokchi o‘z jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Musobaqalar yakunlangach, yakkalik va jamoaviy tarkibda eng yuqori ball to‘plagan harbiy xizmatchilar va jamoalar aniqlandi hamda g‘olib va sovrindorlar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni tomonidan ta’sis etilgan kubok, diplom, medal va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, g‘oliblar mazkur musobaqaning Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosida o‘tkaziladigan final bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldilar.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati