Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida 2021-yil mobaynida Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan ishlar

0
675

2021-yil davomida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashda MV TvaMI Bosh boshqarmasi idoralararo asosiy ishchi organi sifatida ishlarni muvofiqlashtirdi va keng koʻlamli tadbirlarni olib bordi.

Yoshlar bilan tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida maʼmuriy hududlar boʻyicha aholini toifalarga boʻlib, ular orasidan yoshlarni, shu jumladan, uyushgan, uyushmagan hamda uzoq muddatga xorijga chiqqan yoshlar shuningdek, profilaktik hisobda turgan yoshlarni ajratib olindi.

Uyushgan yoshlar bilan ishlashda Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirliklari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan oʻzaro hamkorlikning yagona mexanizmi, kuch va vositalari aniqlab olindi.

Uyushmagan yoshlar bilan ishlash borasida Mudofaa ishlari boshqarmalari va boʻlimlari, Ichki ishlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi va mahalliy hokimliklar, Qurolli Kuchlar fahriylari bilan hamkorlikda alohida ishlar tizimi (harbiy vatanparvarlik tadbirlari, mehnat yarmarkalari, toʻgaraklar, oʻquv markazlari, klublar faoliyati) yoʻlga qoʻyildi.

Mudofaa vazirligining tashabbusi bilan 2021-yilda ilk marotaba barcha umumtaʼlim maktablarining oʻquvchi-yoshlari oʻrtasida uch bosqichda “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqalari oʻtkazildi.

I-bosqichda – tuman (shahar) birinchiligi boʻyicha respublikamizning
9 mingdan ortiq umumtaʼlim maktablarida 100 mingga yaqin oʻquvchi-yoshlar;

II-bosqichda – hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar
va Toshkent shahri) birinchiligida 200 dan ortiq umumtaʼlim maktablaridan
2 mingga yaqin oʻquvchi-yoshlar;

III-bosqichda – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 ta jamoa ishtirok etib, 157 nafar oʻquvchi-yoshlar 5 ta shart boʻyicha oʻzaro bellashdilar. Mazkur III-bosqich joriy yilning 29-aprel kunidan 1-may kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi oʻquv jarayonini taʼminlash bazasida oʻtkazildi.

Hududlarda uyushmagan yoshlar bilan ishlash holati eng ogʻir tuman va mahallalarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha mahallabay ishlarni tashkil etish boʻyicha yangicha Dastur ishlab chiqildi. Mazkur dasturni ijro etish yuzasidan Mudofaa vaziri oʻrinbosarlariga uyushmagan yoshlar bilan ishlash eng ogʻir boʻlgan 5 tadan tuman, harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlariga oʻz hududidagi 10 tadan mahallalar, viloyat, tuman (shahar) mudofaa ishlari boshqarmalari (boʻlimlari) boshliqlari va harbiy qism komandirlariga 5 tadan mahallalar, (jami 30 ta tuman, 1 640 ta mahallalar) biriktirildi. Mudofaa vazirligi tomonidan ushbu tizim orqali 2021-yil davomida mazkur hududlarda 5 471 marotaba madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari tashkillashtirildi hamda 172 000 nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.

Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi bilan imzolangan qoʻshma qarorga asosan, Mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlariga biriktirilgan umumtaʼlim maktablarida xaftaning har juma kunini “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” deb nomlandi hamda ushbu kunlarda maktablarda harbiy xizmatchilar tomonidan vatanparvarlik tadbirlari va mashgʻulotlari tashkilishi yoʻlga qoʻyildi. 2021-yilda umumtaʼlim maktablarida “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” doirasida 1 005 marotaba tadbirlar oʻtkazilib, jami
34 913 nafar oʻquvchi-yoshlar qamrab olindi.

Yil davomida yosh harbiy xizmatchilar bilan jami 5 992 marotaba tadbirlar tashkil etilib, 379 525 nafardan ortiq yosh harbiy xizmatchilar jalb etildi.

Birinchi marotaba “Viloyatda yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish boʻyicha yilga moʻljallangan “Mard askar – yoshlarga namuna” shiori ostida oʻtkaziladigan kompleks chora-tadbirlar dasturi” qabul qilindi. Dasturlarda belgilab berilgan vazifalarni ijro etish yuzasidan harbiy qismlarda va dala oʻquv maydonlarida oʻtkazilayotgan jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlariga “Mard askar – yoshlarga namuna” shiori ostida 83 254 nafar uyushmagan yoshlar uchun 2 307 ta tashriflar tashkil etildi. Mahallardagi yoshlar va harbiy xizmatchilar oʻrtasida 623 ta “Amir Temur izdoshlari”, “Jaloliddin Manguberdi vorislari”, “Temur tuzuklari bilimdoni” intellektual, harbiy-sport va ijodiy konkurslar tashkil etilib, 80 179 nafar yoshlar jalb qilindi. Qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimiz mustaqilligi va ravnaqi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish tuygʻusini shakllantirish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatiga boʻlgan ishonchni kuchaytirish maqsadida yoshlar oʻrtasida 1 233 marta “Men buyuk yurt farzandiman!” mavzusida insholar oʻtkazildi, insholarda 37 013 nafar yoshlar ishtirok etdi. Olis hududlarda 680 marotaba harbiy-vatanparvarlik karvoni, marafonlar, festival va aksiyalar oʻtkazildi, tadbirlarda 70 370 nafar yoshlar ishtirok etdi.