Harbiy gospitalda ilk bor transplantatsiya amaliyoti oʻtkazildi

0
6729

Mudofaa vazirligi rahbariyatiga sogʻligʻining holatiga koʻra —harbiy-tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, yaʼni buyrak yetishmovchiligi xastaligi sabab 2018-yil harbiy xizmatdan boʻshatilgan rezervdagi serjant Shuhrat Ziyotov koʻmak soʻrab murojaat qilgan.

Shuhrat Ziyotov — Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. 18 yildan ortiq vaqt davomida harbiy xizmatda boʻlgan. 2018-yil sogʻligʻida muammo kuzatilgach, zaxiraga boʻshatilgan. Oʻtgan vaqt davomida xastaligi boʻyicha turli tibbiy muolajaalarni oʻtkazgan. Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida rezervdagi serjant Shuhrat Ziyotovning murojaati boʻyicha tezkor amaliy yordam berish choralari koʻrib chiqilgan.

Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashgan jarrohlik markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruv-diagnoz natijalariga koʻra, buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyotini oʻtkazish zarurligi aniqlangan. Shuhrat Ziyotovning turmush oʻrtogʻi donor boʻlishga tayyorligini bildirgan.

— Turmush oʻrtogʻimning salomatliklari menga hamma narsadan muhim, oilamiz baxtiga tezroq tuzalib ketsalar, menga shu yetarli — deydi Mushtari Murodova. — 3 nafar farzandimiz bor. Men kelajagimizni turmush oʻrtogʻim bilan birga koʻrishni xohlayman. Bizga operatsiyagacha boʻlgan vaqt davomida kerakli barcha dori-darmon, muolajalar bepul oʻtkazildi. Shifokorlarning barchalariga minnatdorchiligimni bildiraman.

— Harbiy tibbiyot tarixida ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti — buyrak transplantatsiyasini amalga oshirdik, — deydi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali boshligʻining jarrohlik ishlari boʻyicha oʻrinbosari, bosh jarroh tibbiy xizmat polkovnigi Ulugʻbek Rasulov. — 7 soatdan oshiq vaqt davom etgan operatsiya jarayoni muvaffaqiyatli oʻtdi. Hozirda ikkalalarining ham ahvoli yaxshi. Bu jarrohlik amaliyotini oʻtkazishda Mudofaa vazirligining oʻrni katta. Zarur jarrohlik asbob-uskunalari hamda dori-darmonlar bilan toʻliq taʼminlab berishdi. Qolaversa, bundan buyon bemor va donorning toʻliq tuzalib ketguniga qadar nazorat ostida boʻladi. Barcha kerakli muolajalar bepul koʻrsatiladi. Yana bir muhim masalaga urgʻu bermoqchiman. Yaqin kunlar ichida harbiy gospitalimizning yangi 8 qavatlik binosi toʻliq foydalanishga topshiriladi. Shundan soʻng bizning harbiy soha vakillari va uning oila aʼzolariga tibbiy yordam koʻrsatish bilan birga, boshqa yurtdoshlarimizga ham tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Bizga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, bor bilim va salohiyatimizni ishga solishga tayyormiz.

Roʻziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti