Qahramonlar nomi barhayot

0
5421

Shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida yurt tinchligi uchun jon fido etgan koʻplab qahramonlar xotirasi yod etilmoqda. Ular orasida Andijon viloyatining Paxtobod tumanida tugʻilgan Doniyor Tojiboyev ham bor.

Azamat oʻgʻlon 2000-yilning yoz oylarida Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida bir guruh jangarilar bilan boʻlgan toʻqnashuvlarda jasorat namunalarini koʻrsatib, mardlarcha halok boʻlgan.

Sharqiy harbiy okrugning Andijon garnizoni harbiy xizmatchilari Mudofaa ishlari boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda marhumning oila aʼzolari istiqomat qiladigan xonadonga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olishdi.

Harbiy xizmatchilar qahramonning oila aʼzolari bilan suhbatda farzandlari Doniyorning Vatan oldida xizmati hech qachon unutilmasligi, doimo yoshlar uchun ibrat namunasi boʻlib qolishini taʼkidlab, uning xizmat yillaridagi yutuqlarini eʼtirof etishdi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar Doniyor Tojiboyev oʻqigan maktabda unga atab oʻrnatilgan byust poyiga gul qoʻyishdi hamda maktab oʻquvchilariga mard yigitning qahramonlik namunalarini gapirib berishdi.

Tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar yoshlarning Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, faxr va gʻurur, vatanparvarlik hislarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati