Tanqidiy va tahliliy ruhda boshlangan oʻquv–uslubiy yigʻin

0
3885

Mudofaa vazirligi aloqa qoʻshinlari harbiy xizmatchilari ishtirokida oʻquv-uslubiy yigʻin tashkil etildi. Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlardan birida oʻtkazilayotgan oʻquv–uslubiy yigʻinning birinchi kuni tanqidiy va tahliliy ruhda boshlandi.

Yigʻinda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Aloqa, axborot texnologiyalari va axborotlarni himoyalash bosh boshqarmasi boshligʻi polkovnik Agzam Izbosarov tomonidan sohada olib borilgan islohotlar, yutuqlar, kamchiliklar va muammolar haqida maʼlumotlar keltirilib, joylardagi aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, yigʻin davomida Qurolli Kuchlarda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan qoʻshinlar boshqaruv tizimini raqamlashtirish, aloqa texnikalarini modernizatsiya qilish, boʻlinmalarni zamonaviy aloqa va axborotlashtirish vositalari bilan butlash borasidagi olib borilayotgan islohotlar va kelgusida amalga oshirilishi kerak boʻlgan chora-tadbirlar muhokama etildi.

Yigʻin ishtirokchilari Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida olib borilayotgan ilmiy tadqiqodlar va ishlanmalar, innovatsion texnologiyalar, qoʻshinlarni butlash uchun modernizatsiya qilinayotgan aloqa texnikalari bilan yaqindan tanishdilar.

Oʻquv-uslubiy yigʻin dasturiga koʻra ishtirokchilarning madaniy hordiq dam olishlari ham rejalashtirilgan boʻlib, unga koʻra ishtirokchilar “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”, Temuriylar davlati tarixi muzeyi hamda “Muqumiy” nomidagi musiqali drama teatriga tashrif buyuradilar.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti