Raqamli texnologiyalar algoritmi olimlar munozarasining asosiy mavzusi bo‘ldi

0
3172

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida «Professional armiya boshqaruvini rivojlantirishda innovatsiyalar va raqamlashtirishninng o‘rni» mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Anjumanning ochilish marosimida Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ulug‘bek Mamadaliyev, harbiy institut boshlig‘i podpolkovnik Hakim Muhiddinov va boshqalar global rivojlanishning bir qismiga aylangan axborot va raqamli texnologiyalar milliy xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishi, AKT va aloqa harbiy institutida bu yo‘nalishda salmoqli ishlar olib borilayotganini ta’kidlab o‘tishdi.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining poytaxtimizdagi filiallari hamda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, ilmiy izlanuvchilar, kursantlar qatnashgan tadbirda milliy armiya boshqaruvini takomillashtirishda raqamli va innovatsion texnologiyalarning o‘rni, istiqbollari tahlil qilindi. Xususan, Hindiston Qurolli Kuchlaridan polkovnik Binesh Kumar Panda hamda mayor Svapnil Chandra sun’iy intellekt va dasturlanadigan radiostansiyalarga bag‘ishlangan taqdimotda ularning arxitekturasi va Qurolli Kuchlarda qo‘llash tartibi haqida ma’lumot berishdi. Toshkent shahridagi Inha universiteti prorektori Turdimurod Tursunmurodov o‘z ma’ruzasida raqamli transformatsiya sharoitida milliy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning ustuvor masalalariga to‘xtaldi.

Yalpi majlisdan so‘ng konferensiyada qayd etilgan masalalar muhokamasi sho‘‘balarda davom ettirildi. «Qurolli Kuchlarda aloqa tizimini raqamlashtirish asosida boshqaruvni rivojlantirish istiqbollari», «Raqamli transformatsiyalash davrida kiberxavfsizlikning dolzarb muammolari va yechimlari», «Radiotexnika, radiolokatsiya, radionavigatsiya va geoaxborot tizimlarini rivojlantirish istiqbollari», «Harbiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari: taklif va innovatsion yechimlar», «Katta hajmli ma’lumotlarni qayta ishlash orqali harbiy harakatlarni simulyatsiya qilishda zamonaviy yondashuv» kabi sho‘‘balarda soha olimlarining dolzarb fikr va ilmiy mulohazalari o‘rtaga tashlandi.

Anjuman doirasida institut professor-o‘qituvchilari rahbarligida kursantlar tomonidan yaratilgan 20 ortiq ilmiy va innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti