Amaliy mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilarning jangovar va ruhiy tayyorgarligi mustahkamlanmoqda  

0
3719

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining “Termiz” umumqo‘shin dala o‘quv poligonida harbiy xizmatchilar bilan jangovar va ruhiy tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan kompleks mashg‘ulot tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilarning ruhiy va jangovar shayligini mustahkamlash har qachongidan muhim jarayon hisoblanadi. Shu bois milliy armiyamiz saflarini har jihatdan mukammal o‘g‘lonlar bilan butlashda mazkur amaliy mashg‘ulotlar yuqori samara beradi. Mashg‘ulot avvalida guruh komandirlari va malakali ofitserlar tomonidan harbiy xizmatchilarga shu kabi ma’lumotlar va tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Harbiy xizmatchi har qanday favqulotda holatlarga jismonan va ruhan tayyor turishi lozim, – deydi Janubiy operativ qo‘mondonligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi ofitseri podpolkovnik Nodir Xolikov. – Shunday ekan bu turdagi amaliy mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilarning xizmat davomidagi ko‘nikmalari doimiy ravishda oshirib boriladi.

Yurt o‘g‘lonlari yo‘riqchilar nazorati ostida bir qator kompleks mashqlarni bajargan holda jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan bosqichma-bosqich o‘tib, o‘quv rejasida belgilangan vazifalarni a’lo darajada bajarishdi.

Harbiy okrug qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining jangovar va ruhiy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan shu kabi amaliy mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni