Yoshlar harbiy qismda uchuvchilar faoliyati bilan tanishdilar

0
3599

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tasarrufidagi Qashqadaryo viloyati Xonobod qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismlarda muntazam yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan turli tadbirlar oʻtkazib kelinadi. Xususan, Dehqonobod tumanidagi 83-umumtaʼlim maktabi hamda Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Nuriston akademik litseyi oʻquvchilarining harbiy uchuvchilar bilan navbatdagi uchrashuvi ana shunday tadbirlar sirasiga kiradi.

Dastlab oʻquvchi yoshlar harbiy qismda uchish apparatlari joylashtirilgan ochiq osmon ostidagi muzeyda boʻlib, u yerdagi jangovar samolyotlar hamda ularning texnik imkoniyatlari borasida soha mutaxassislardan tegishli tushunchalarga ega boʻlishdi.

Shundan soʻng yosh mehmonlar uchish amaliyotlarini mustahkamlashga moʻljallangan trenajyorlar bilan tanishib, haqiqiy parvoz zavqini his etib koʻrdilar. Ayniqsa, harbiy qism tarixini aks ettiruvchi muzeydagi maʼlumotlar yoshlar uchun juda qiziqarli boʻldi.

Tadbir davomida kechgan jarayonlarda Xonobod qoʻrgʻonida joylashgan Parvoz MFY hududidagi 21-sonli MTT tarbiyalanuvchilari va 67-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari oʻz ijod namunalari bilan ishtirok etib, tadbirlarning yuqori saviyada oʻtishiga oʻz hissalarini qoʻshishdi.

Ulkan taassurotlarga boy sayohat va samo lochinlari bilan boʻlgan qiziqarli suhbatlardan soʻng harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida “Amir Temur bilimdoni” intellektual oʻyini tashkil etildi. Yoshlar intellektual oʻyin davomida ustozlari tomonidan berilgan savollarga tez va aniq javob qaytarib, buyuk sarkarda haqida mustahkam bilimlarga ega ekanliklarini namoyon etdilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti