Boysunda yoshlar “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasida bellashishdi

0
3017

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Alpomish” markaziy o‘yingohida tumandagi umumta’lim maktablari 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Tadbir avvalida Boysun tuman yoshlari uchun harbiy xizmatchilar tomonidan qurol-aslahalar ko‘rgazmasi hamda qo‘l jangi bo‘yicha jangovar chiqishlari namoyish etildi.

Mamlakatimiz bo‘ylab uch bosqichda o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari intellektual bilim, yuksak jismoniy tayyorgarlik, boy tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgan bo‘lib, unda o‘quvchi-yoshlar musobaqa nizomiga muvofiq “Safda qo‘shiq aytish”, “Temur tuzuklari”, “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashmoqdalar.

Boysunlik Alpomishu Barchinoylarni bir maydonga to‘plagan navbatdagi musobaqa ham murosasiz bahslarga va qiziqarli, kutilmagan voqealarga boy o‘tdi. Unda yigit-qizlar bor kuch va g‘ayratini ayamay, shartlarni bajarishdagi epchilligi, zukkoligi-yu mahorati bilan olqishlarga sazovor bo‘lishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, uchinchi o‘rinni 5-sonli umumta’lim maktabining «Burgutlar» jamoasi, ikkinchi o‘rinni 3-sonli umumta’lim maktabining «Yosh gvardiyachilar» jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa,  28-sonli umumta’lim maktabining «Shunqorlar» jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi hamda mazkur musobaqaning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham e’tirof etildi. Unga ko‘ra,  «Eng mohir mergan» yo‘nalishida Jasmina Tursunova (5-sonli umumta’lim maktab), «Eng kuchli sportchi» yo‘nalishida Samandar Tursunov (6-sonli umumta’lim maktabi) hamda «Amir Temur tuzuklari bilimdoni» yo‘nalishida Og‘abek Sattorov (3-sonli umumta’lim maktabi) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga tantanali ravishda maxsus kubok, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni