Alp o‘g‘lonlar harbiy xizmatdan tantanali kutib olinmoqda

0
3554

Respublikamiz bo‘ylab joylarda Vatan oldidagi yigitlik burchi – muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytayotgan mardi maydon yigitlarni tantanali kutib olish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Temir yo‘l vokzalida tashkil etildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, mahalla faollari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda askarlarning yaqinlari ishtirok etdi. Unda keksalarimiz qo‘llarini duoga ochib, yigitlarni alqagan bo‘lsa, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ularga kelgusi faoliyatlarida omadlar tilashdi.

Shu kuni mamlakatimizning turli hududlarida yigitlik burchini o‘tab qaytgan Jizzax viloyatining alpqomat o‘g‘lonlari ham Jizzax temir yo‘l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi. Unda viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash Jizzax shahar bo‘limi xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, keng jamoatchilik va Mudofaa ishlari boshqarmasi vakillari hamda askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar askar yigitlarga Vatan oldidagi xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirib, keyingi faoliyatlarida, jamiyatda munosib  o‘ringa ega bo‘lishlari hamda harbiy xizmat davomida o‘rganganlarini yurt ravnaqi uchun sarflashlariga ishonch bildirishdi. Shuningdek, bu yo‘lda ularga viloyat va tuman hokimliklari, mudofaa ishlar boshqarmasi xodimlari doimo yaqindan yordam berish uchun tayyor ekanliklari ta’kidlandi.

 Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti