Qo‘mondonlik tomonidan faol yoshlarga «Temur tuzuklari» kitobi sovg‘a qilindi

0
3431

Poytaxtimizda joylashgan Temuriylar tarixi davlat muzeyida buyuk sarkarda, davlat arbobi Amir Temur tavalludining 686 yilligiga bag‘ishlab «Amir Temurning mamlakatni birlashtirish va markazlashgan buyuk davlat tuzishdagi tarixiy xizmati», «Amir Temur davlatining qurilishi» mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘quvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy-intelektual salohiyatini yanada oshirish, o‘tmishni yaxshiroq his qilgan holda bobolari tarixini yaqindan o‘rganish, yuksak ma’naviy fazilatlarini boyitish maqsadida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, tarixshunos olimlar, harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda tarixshunos olimlar tomonidan Amir Temurning adolatli jamiyat barpo etish, xalq farovonligini ta’minlash, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga oid ezgu tamoyillari qayd etib o‘tildi.

Darhaqiqat, buyuk sarkardaning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik, ilmu fan, san’at va me’morchilikka oid qarashlari, hayot, ezgu amallar haqida bildirgan fikrlari, har bir masalada yetti o‘lchab, el manfaatini o‘ylab ish tutish bilan bog‘liq ibratli fazilatlari “Temur tuzuklari” asarida batafsil yoritilgan.

Tadbir davomida qo‘mondonlik tasarrufidagi «Iste’dod» badiiy-havaskorlik jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi. Shuningdek, tadbir yakunida faol yoshlar hamda tadbirni tashkil qilishda yaqindan yordam bergan ishtirokchilarga tashakkurnoma hamda «Temur tuzuklari» kitobi sovg‘a qilindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti