Kuch tuzilmalari Amudaryo tumanida maxsus taktik o‘quvini o‘tkazishdi

26

13—14-noyabr kunlari Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari tomonidan Mang‘it aholi yashash punkti havfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus taktik o‘quvi o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi xodimlari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy Gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmalari, shuningdek mahalliy boshqaruv organlari vakillari ishtirok etdi.

O‘quvlarning birinchi kunida kuchishlatar tuzilmalar hamkorligida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan keskin vaziyatni to‘g‘ri baholash, uni hamkorlikda bartaraf etish va tezkor tadbirlar olib borish bo‘yicha qaror qabul qilish, bo‘ysunuvchi bo‘linmalarga vazifalar qo‘yish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Ikkinchi kuni shartli noqonuniy qurollangan guruhni qidirib topish maqsadida aholi yashash punktida tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazildi. Unda aniqlangan shartli noqonuniy qurollangan guruhni kuchishlatar bo‘linmalar bilan hamkorlikda qo‘rshovga olish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.

O‘quvlarda kuchishlatar hududiy bo‘linmalarning qo‘mondonliklari ham ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarni sifatli va tezkor o‘tkazilishini ta’minlash uchun Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalarida mavjud maxsus texnikalardan foydalanildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati