Zenitchilar samo va yer sarhadlarini himoyalash amaliy mashqlarida ishtirok etishdi

0
1006

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug va Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonliklarining Nukus va Urganch garnizonlaridagi havo xujumidan mudofaa boʻlinmalari harbiy xizmatchilari “Nukus” umumqoʻshin poligonida kasbiy malaka va soha boʻyicha mahoratini oshirish boʻyicha ikki haftalik dala chiqishida ishtirok etishdi.

Aviatsiyaning intensiv uchish hududlarida jangovar vazifalarni bajarishga oid nazariy va amaliy qismlardan iborat boʻlgan oʻquv yigʻini mashgʻulotlarida Quruqlikdagi qoʻshinlar havo hujumidan mudofaa boʻlinmalari noqulay iqlim sharoitlariga qaramasdan, yaʼni qattiq sovuq havo iqlimida hamjihatlikda harakat qilish, kuchli emotsional va stress holatlarida vazifalarni bajarish boʻyicha mahoratlarini oshirib, jangovar ruh va axloqiy-ruhiy fazilatlarni mustahkamladilar.

Mashgʻulotlar davomida boʻlinmalar qoʻmondonlik punktlari va havo hujumidan mudofaa boshqaruv punktlari, shuningdek, asosiy kuchlardan alohida joylashgan zenit boʻlinmalarining oʻt ochish pozitsiyalarini jihozlash, ularni mudofaa etish va qoʻriqlash kabi vazifalarni amaliy ravishda bajarishdi. 

Dala mashgʻulotlarining amaliy qismida pozitsiyalarni almashtirgan holda yakka va hamkorlikda zenit qurilmalaridan nishonlarga qarata oʻq otish, samo va yer sarhadlaridagi hududlarni himoyalash boʻyicha amaliy mashqlar bajarildi. Amaliy mashqlar davomida ehtimoliy harbiy harakatlar teatrining xosligiga, niqoblanish shartlarini hudud va relyefni inobatga olgan holda bajarish masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, yigʻin doirasida harbiy xizmatchilar iroda va matonatni sinashning samarali usuli hisoblangan quruqlikdagi qoʻshinlar havo hujumidan mudofaa toʻsiqli yoʻlagidan oʻtib, qurilmalar va shtatdagi oʻqotar qurollardan foydalanish, ularni qismlarga ajaratish va yigʻish, shaxsiy himoya vositalarini qoʻllashdan iborat boʻlgan jamoaviy estafeta musobaqasida ishtirok etishdi. Unda jamoalar yuqori natijalarni, professional mahorat va jamoaviy birdamlikni namoyon qilishdi.

Dala mashgʻulotlari shaxsiy tarkibning nostandart vaziyatlarda mustaqil ravishda oʻt ochish va jangovar ishlash boʻyicha nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish bilan birga kichik komandirlarning boshqaruvchanlik qobiliyatini yuksaltirish, soha boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarni egallash masalalari bilan ahamiyatli boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati