Navoiylik 100 nafar yoshlar uchun “Yosh vatanparvarlar yigʻini” boshlandi

0
4474

Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda armiya bilan birgalikda harbiy-maʼmuriy sektorlar ham oldingi qatorlarda boʻlishi va bu borada harbiy okruglar bilan hamkorlikda yosh vatanparvarlar yigʻinini izchil davom ettirish vazifasi belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida bu gal Navoiy viloyati hokimligi hamda Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan Navoiy viloyatidagi harbiy qismda navoiylik 100 nafar yoshlar uchun “Yosh vatanparvarlar yigʻini” boshlandi.

Unda Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan viloyatning 9 ta tumani va 2 ta shahridan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, muqim ish joyiga ega boʻlmagan, lekin imkon boʻlsa kasb-hunar oʻrganaman degan 18-30 yosh atrofidagi 100 nafar yoshlar roʻyxati shakllantirildi va ular “Yosh vatanparvarlik yigʻini”ning ishtirokchisiga aylandi.

Yigʻinning dastlabki kuni ular tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va harbiy liboslar berildi. Shundan soʻng guruhlarga boʻlib, yotoqxonalarga joylashtirildi hamda askarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat taʼminoti yoʻlga qoʻyildi.

100 nafar yoshlar 6 ta, yaʼni “Yosh sartaroshlar”, “Yosh santexniklar”, “Yosh mebelchilar”, “Yosh akfachilar”, “Maishiy texnikalarga xizmat koʻrsatish”, “Avtotexnik xizmat koʻrsatish” guruhlariga ajratildi.

Endilikda yoshlar harbiy qismda ushbu mutaxassisliklar boʻyicha kasbga yoʻnaltirish boʻyicha, ishga marhamat mono markazining yetakchi mutaxassislar tomonidan turli mavzudagi treninglar va albatta, harbiy fanlar boʻyicha mashgʻulotlarda qatnashadi.

 

“Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning ochilish tantanasida viloyat hokimligi, okrug qoʻmondonligi, sektor rahbarlari, faxriylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Unda soʻz olganlar ushbu yigʻin yoshlar uchun koʻpgina imkoniyatlar eshigini ochib berishini va bu bilan oʻz kelajagini belgilashi mumkinligini hamda undan unumli foydalanish lozimligini takidlab, yoshlarga ulkan muvafaqqiyatlar tilashdi.

Tantanali marosimda yoshlar qalbida milliy ruh, ona-Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuygʻusini har tomonlama kuchaytirish maqsadida namoyish etilgan buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur sahna koʻrinishlari, harbiy orkestr jamoalarining chiqishlari hamda harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qoʻl jangi chiqishlari yoshlardagi qiziqishni yanada oshirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati