Mudofaa vazirligida 8-mart munosabati bilan tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi

0
7896

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi. Unda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, vazir oʻrinbosarlari hamda videoselektor orqali harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlari va uning oʻrinbosarlari, oliy harbiy taʼlim muassasalari shaxsiy tarkibi, shuningdek vazirlik va harbiy okrug tizimida faoliyat yuritayotgan ayollar ishtirok etdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatimizdagi oʻrni va mavqeini, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi nufuzini oshirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor berilayotgani katta voqea boʻlmoqda. Eng muhimi, noziq qalb sohiblariga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor, ehtirom sabab ularning har jabhada faolligi koʻzga tashlanmoqda: u shifkor, oʻqituvchi, muhandis, huquq-tartibot xodimi…

Xususan, sharafli kasb – harbiylikni tanlab, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash yoʻlida fidokorona xizmat qilayotgan ayollarimiz ham borki, ulardagi fidoyilik, burchga sadoqatni koʻrganimizda koʻngildan cheksiz faxr, iftixor tuygʻulari kechadi. Tadbirda soʻzga chiqqan mudofaa vaziri Qurolli Kuchlar, tizimda olib borilayotgan islohotlarga urgʻu berar ekan, ayol harbiy xizmatchilarning xalqaro armiya oʻyinlarida, turli musobaqalarda erishayotgan yutuqlarini, qoʻlga kiritayotgan natijalarini, ularning kasbiy mahorati va tajribasini alohida eʼtirof etdi.

Tantanada mudofaa vazirining buyrugʻiga binoan bir guruh harbiy xizmatchi ayollar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari mudofaa vazirining esdalik nishoni va “Namunali xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni, navbatdagi harbiy unvon, faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

– Oʻtgan yili xalqaro armiya oʻyinlarining “Sodiq doʻst” musobaqasida ayollar tarkibida ishtirok etdim. Jamoamiz bilan gʻalabaga erishish uchun qattiq intildik. Natijada mehnatimiz bejiz ketmadi: biz gʻolib boʻldik! Bugungi tantanada xizmatda ham bir pogʻona yuksalib, kichik serjant unvoniga ega boʻlish ortidan oʻshandagi zafar zavqini, quvonchini qayta his etgandek boʻldim, – deydi Iroda Olimova. – Bu juda boshqacha tuygʻu. Hatto koʻzlarimga yosh keldi. Hayajonimni soʻz bilan taʼriflab berolmayman. Ha, bugun men uchun qoʻshaloq bayram. Bu kunni umrbod unutmayman.

– Bayram munosabati bilan II darajali “Namunali xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim, – deydi tibbiy xizmat podpolkovnigi Dilnoza Ubaydullayeva. – Kasbim tufayli eʼzozlanganimdan behad shodman. Erishgan bu yutugʻimda qadrdon jamoamning, ustozlarimning ham hissasi beqiyos. Men ulardan bir umr minnatdorman…

Bayram tantanasi koʻngillardagi ana shunday ezgu tilak va istaklarni yuzaga chiqardi. Ayollar yuzida shodlik barq urdi. Tantana kuy-qoʻshiqlar bilan yanada fayzli boʻladi, deganlaridek Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari hamda taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi konsert dasturi koʻngillarga bahoriy kayfiyat ulashdi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti