Xorazmda vatanparvar ustozlarga ehtirom ko‘rsatildi

0
365

1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Xorazm viloyati kengashiga qarashli o‘quv-sport texnika klublarida uzoq yillar samarali mehnat qilib, ayni damda keksalik gashtini surayotgan faxriylarni e’zozlash, hozirgi vaqtda tashkilot tizimida fidokorona mehnat qilayotgan ustozlar va xodimlar faoliyatini munosib e’tirof etish hamda o‘quv kurslari, sport seksiyalari va to‘garaklarda shug‘ullanayotgan yoshlarning ishtiyoqini yanada kuchaytirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.

Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti tizimida uzoq yillar samarali va fidokorona faoliyat olib borib pensiyaga chiqqan faxriy rahbar xodimlar, jumladan Yo‘ldosh Saparov, Otaboy Bobojonov, Botir Xudoynazarov, Xudoyshukur Raxmanov mehnat faxriylari va boshqa xodimlar, o‘quvchi yoshlar, sportchilar va ularning murabbiylari ishtirok etdi.

Uchrashuvda “Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyat kengashi raisi Davronbek Ibragimov so‘z olib, mehnat faxriylarining xotiralari, ustozlarning o‘gitlari hamda yosh mutaxassislarning yutuqlarini e’tirof etdi. «Vatanparvar» tashkiloti faoliyati, uning rivojlanish yo‘nalishlari, yurtimiz ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni hamda amalga oshirilayotgan islohotlar, tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan yangilanishlar, jumladan yoshlarni kasbga tayyorlash, “Temir va Yoshlar daftar”lariga kiritilgan oilalar farzandlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitilishi bo‘yicha yaratilayotgan sharoitlar va yangi imkoniyatlar, shu bilan bir qatorda bolalar, o‘smirlar, va yoshlarni tashkilot tizimida mavjud sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha seksiya va to‘garaklarning faoliyati bilan tanishtirish, ularga bepul shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar, imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.

Tadbirda so‘z olganlar “Vatanparvar” tashkilotida shug‘ullanayotgan sportchilar respublika, viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari va o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

“O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan faxriy mehmonlarga “Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyat kengashining fahriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xushovoz xonandalar ijrosidagi kuy va navolar ishtirokchilarda bayramona kayfiyatni yanada ko‘tardi.

“Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyat kengashi