O‘quvchilar va’da berdi

0
464

Qurolli Kuchlar akademiyasida poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan 100-nodavlat ta’lim muassasasining «Istiqlol barslari» o‘quv-uslubiy markazi o‘quvchilarining tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda maktab jamoasi, akademiya vakillari, o‘quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Tadbir harbiy xizmatchilar uchun uyushtiriladigan «Vatanga qasamyod» tartibida o‘tkazildi.

 

O‘quvchilar to‘g‘ri so‘z, intizomli va namunali o‘quvchi bo‘lishga, o‘qituvchi va ustozlari ishonchini oqlashga, Vatanimizning sodiq farzandi bo‘lishga va’da berdi. Bu hayajonli onlarni kuzatib turgan ota-onalar ko‘zidagi sevinch har bir kishini to‘lqinlantiradi, albatta.

– Bugun nafaqat farzandimiz, balki oilamiz uchun ham unutilmas kun bo‘ldi, – deydi Saidjonning onasi Gulnora opa Mahmudova. – Chunki mana shu marosim sabab farzandimizning ulg‘ayib qolganini, o‘zini xuddi kattalardek tutishini, mas’uliyat his qilishini ko‘rdik, angladik. Biz ham ko‘pchilik qatori farzandimizni ona Vatan himoyasi yo‘lida sodiq bo‘lib xizmat qilishini istaymiz.

Tadbir so‘nggida maktabning yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan qo‘l jangi sahnalari ham namoyish etildi.

Leytenant Islomjon QO‘ChQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti