Surxondaryo faxriy harbiy xizmatchilar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi

0
514

Hukumatga qarashli boʻlmagan “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Surxondaryo viloyat filiali malakali shifokorlari tomonidan bir guruh faxriy harbiy xizmatchilar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Tibbiy koʻrik doirasida pensionerlar malakali mutaxassislar qabulida boʻlishib, rentgen, UTT, EKG va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida salomatliklari tekshirildi.

– Men yurt himoyasiga otlangan chogʻimda 17-18 yoshdagi oʻsmir edim. Mudofaa vazirligi tizimida 30 yil xizmat qildim. 2000-2001-yillarda Uzun va Sariosiyo tumanlarining togʻli hududlaridagi jangovar operatsiyalarda ham ishtirok etganman. Mana shu bugungi kunga kelib, harbiy xizmatchilarga berilayotgan eʼtiborni koʻrib yana xizmatga borgim kelyapti. Biz xizmat qilgan davrlarda bunaqangi sharoitlar yoʻq edi. Davlatimiz rahbari tomonidan biz, faxriylarga berilayotgan eʼtibor ham bizni juda quvontirdi. Biz bundan gʻoyat minnatdormiz, – deydi Termiz shahrida istiqomat qiluvchi zaxiradagi polkovnik Qayum Jumayev.

 

Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan soʻng faxriylar Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassisliklari boʻyicha tayyorlash markazida tashkil etilgan bayram tadbiriga taklif etildi. Ular uchun xilma-xil koʻngilochar madaniy dasturlar namoyish etilib, sovgʻa-salomlar ulashildi.

Shu kuni viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi mintaqaviy boʻlimi xodimlari Termiz harbiy gospitalida davolanayotgan nafaqadagi harbiy pensionerlar holidan ham xabar olishdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni