Qoʻshkoʻpirda keng qamrovli yoshlar festivali oʻtkazildi

0
2763

Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatidagi Qoʻshkoʻpir tumanining “Sherobod” mahallasida yoshlar festivali tashkil etildi.

Tadbir “Sogʻlom hayot uchun 5000 ming qadam” yurish aksiyasi bilan boshlandi. Festivalning tantanali ochilish marosimi mahalla markazidagi sport maydonchasida boʻlib oʻtdi. Tadbirda hamkor tashkilotlar, yoshlar, mahalla faollari, nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirok etdi.

Xizmat safari bilan ushbu festivalning faxriy mehmoni boʻlgan Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar barchaga aʼlo kayfiyat bagʻishladi. Tadbir davomida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining chegarani qoʻriqlash vzvodi harbiy xizmatchilarining koʻrgazmali chiqishlari ham namoyish qilindi.

Shundan soʻng “Besh tashabbus” doirasida “Zakovat” intellektual oʻyini, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni”, “Yosh poliglot”, “Mushoira” tanlovlari hamda yoshlarning shijoatini namoyish etishga yoʻnaltirilgan milliy xalq oʻyinlari, mini futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan oʻq otish, arqon tortish boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi.

Oʻtkazilgan tadbirlar yoshlarga koʻtarinki kayfiyat baxsh etib, ularni yanada faol boʻlishga undadi. Tadbir yakunida musobaqa va tanlovlarda faol ishtirok etib, gʻolib va sovrindor boʻlgan yoshlar qimmatbaxo sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati