«Forish» tog‘-o‘quv poligonida yo‘riqchi-serjantlar bilan o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi

0
6030

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan oddiy askar hamda serjantlar tarkibiga mansub kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratlarini yanada oshirish, jangovar tayyorgarlik tadbirlarini sifatli tashkillashtirish va o‘tkazishga zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Endilikda Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi yo‘riqchi-serjantlarning o‘z bo‘ysinuvchi bo‘linmalarida mutaxassislarni sifatli o‘qitishni ta’minlash, shuningdek, qo‘shinlar jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish hamda yo‘riqchi-serjantlarning tayyorgarlik darajasi, amaliy ko‘nikmalari doimo takomillashtirib boriladi.

«Forish» tog‘-o‘quv poligonida o‘tkazilgan o‘quv-uslubiy yig‘in davomida yo‘riqchi-serjantlar tog‘ tayyorgarligi, tibbiy xizmat ko‘rsatish, topografiya, aloqa, jangovar qurollardan otish, sapyor-muhandislik, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, mexanik-muhandislik, razvedka qidiruv kabi yo‘nalishlar va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha imtihon topshirdilar. O‘quv-uslubiy yig‘inni o‘tkazish uchun oliy harbiy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar, «Chimyon» tog‘ tayyorgarligi o‘quv mashqlari markazi va qo‘shinlardan yetakchi mutaxassislar jalb etildi.

O‘z-o‘zidan yo‘riqchi-serjantlar yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislik bilimiga ega-ku, degan savol tug‘ilishi mumkin. To‘g‘ri, «Forish» tog‘-o‘quv poligoniga kelganlarning qaysidir biri mergan, yana boshqalari razvedkachi, sapyor-muhandis, mexanik-muhandis yoki minomyotchi, pulemyotchi, topograf ekanligi aniq. Ya’ni o‘z mutaxassisligining professionali. Yo‘riqchi-serjantlar o‘z yo‘nalishidan tashqari o‘quv-uslubiy yig‘in dasturiga kiritilgan boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar olishi belgilab qo‘yilgan. Qisqa qilib aytganda, harbiy xizmatchi jangovar vaziyatlarda bir vaqtning o‘zida tog‘ qoyalariga chiqa olishi, yaralanganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishi, topografiya vositalaridan foydalanishi va aloqani tiklashi, har qanday jangovar qurollardan mohirlik bilan otishi, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanishi, muhandis-mexanik, muhandis-sapyor, razvedka qidiruv guruhi a’zosi vazifasini bajara olishi kerak.

O‘quv-uslubiy yig‘in o‘n kun davom etib, okruglardagi barcha qo‘shin bo‘linmalarida xizmat faoliyatini olib borayotgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Kontrakt bo‘yicha xizmat burchini o‘tayotgan oddiy askar hamda serjantlar tajribali mutaxassislar nazoratida har qanday sharoitda belgilangan me’yorlar bo‘yicha imtihondan o‘tishdi. Tog‘li va tekis relyefli hududlarda kunduzi ham, tunda ham bir xil harakatlanib, jangovar topshiriqlarni bajarish har bir yurt himoyachisidan professionallikni talab etadi. Buning ustiga yuqorida aytib o‘tganimizdek, qo‘shimcha mutaxassisliklarni o‘zlashtirish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Shuning uchun Mudofaa vazirligi jangovar tayyorgarlik boshqarmasi mas’ul ofiserlari birinchi marta tashkillashtirilgan bu o‘quv-uslubiy yig‘inga tajribali professorlar va xalqaro musobaqalarda toblangan yetakchi yo‘riqchi ustozlar xizmatidan foydalandi.

– Ko‘rib turganingizdek, o‘quv-uslubiy yig‘inning tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha mashqlarini a’loga bajarayotganlar talaygina. Ular orasida haqiqiy harbiy alpinistlar borligi ko‘zni quvontiradi. Bir qarashda himoya vositalari yordamida tog‘ darasiga tortilgan arqondan o‘tish, qoyaga chiqib tushish unchalik murakkab tuyulmasligi mumkin. Ammo aynan shu mashqlarni jangovar vaziyatda o‘ta tezkorlik bilan amalga oshirishning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor, – deydi tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha yo‘riqchi kichik serjant Husniddin Xiziraliyev.

– Mutaxassisligimizdan tashqari bir necha yo‘nalishda kasbiy mahoratimizni oshirishga imkoniyat beruvchi yig‘inda qatnashayotganimdan mamnunman. Biz o‘n kun davomida tog‘ qoyalariga chiqish, yaralanganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, topografiya vositalaridan foydalanish, aloqa o‘rnatish, har qanday jangovar qurollardan otishni, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanishni, muhandis-mexanik, muhandis-sapyor, razvedka qidiruv guruhida harakatlanish bo‘yicha ustozlardan kerakli bilim hamda ko‘nikmalarni oldik. Orttirilgan tajribamiz kelgusida o‘zimiz xizmat qilayotgan harbiy qismda keng ko‘lamda foydalanish imkoniyatini beradi, – deydi yo‘riqchi-kichik serjant Bunyod Sanaqulov.

O‘quv-uslubiy yig‘in davomida yo‘riqchi-serjantlarning kasbiy mahorati, amaliy ko‘nikmalarini oshirish, jangovar tayyorgarlik tadbirlarini tashkillashtirishda va shaxsiy tarkibni o‘qitishda ularning uslubiy bilimlarini takomillashtirish, har bir yo‘riqchi-serjantning kasbiy tayyorgarlik darajasini aniqlash hamda yetakchilik, uslubiy tayyorgarlik qobiliyatini takomillashtirish, o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqat hissini yanada oshirish kabi maqsadlarga erishildi. Endilikda milliy armiyamiz safida doimiy ana shunday yo‘riqchi-serjantlar faoliyat olib boradi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti