Oʻquvchilarga kursantlardek imkoniyat berildi

0
1340

Oʻquvchilar berilgan imkoniyatlardan sevinib, kunlik, haftalik ishlarini qaytadan rejalashtira boshladilar.

– Sening qachon vaqting bor?

– Siz qaysi toʻgarakka qatnamoqchimiz?

– Yaxshisi mana shu institutning kursanti boʻla qolaman…

Atrofni ana shunday shivir-shivirlar tutdi.

Voqealarni boshidan aytadigan boʻlsak, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 40-umumiy oʻrta taʼlim maktabida Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti boshligʻi podpolkovnik Hakim Muhiddinov yetakchiligidagi bir guruh professor-oʻqituvchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda zamonaviy aloqa vositalari hamda qurol-aslahalarning ham kichik koʻrgazmasi tashkil etildi.

Yuqoridagi shivir-shivirlarga toʻxtalsak, institut rahbari maktab oʻquvchilari uchun oliy harbiy taʼlim muassasalari eshiklari hamisha ochiqligini, istagan toʻgarak va laboratoriyalardan reja asosida kursantlar qatori foydalana olishlari mumkinligini, pedagogik jamoa ular uchun har qanday yordamga tayyor ekanliklarini taʼkidladi.

Tashkil etilganiga koʻp boʻlmagan oliy harbiy taʼlim muassasasining fakultetlari, buguni va kelajagi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlgan oʻgʻil-qizlarning yuragiga ijobiy maʼnodagi gʻulgʻula tushdi. Ular yaqindagina joylashgan taʼlim muassasasi imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish maqsadida oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldilar.

Tadbir soʻngida ijro etilgan vatanparvarlik mavzusidagi kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarning kayfiyatini yanada koʻtardi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti