“Vatanparvar” tashkiloti Xalqaro kinologiya ittifoqiga aʼzo boʻldi

0
1478

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Xalqaro kinologiya ittifoqi (International Kennel Union)ga aʼzo boʻldi.

“Vatanparvar” tashkilotining kinologiya boʻyicha murabbiylari hamda xizmatchi itlari soʻnggi yillarda MDH, Osiyo va jahon miqyosida ushbu yoʻnalishda tashkil etilayotgan musobaqalar va koʻrgazmalarda yuqori oʻrinlarga sazovor boʻlib kelayotganligi jahon hamjamiyatchiligi tomonidan toʻliq eʼtirof etildi.

Birgina misol, joriy yilning 15-22-fevral kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida oʻtkazilgan zotdor itlar boʻyicha xalqaro koʻrgazmada “Vatanparvar” tashkiloti kinologlarining zotdor itlari eng yuqori baholarni qoʻlga kiritdi. Jumladan, koʻrgazma ekspertlari tomonidan Oʻzbekiston delegatsiyasining svergshnautser, veo, biver-yorkshir teryer, pudel toy zotiga mansub itlari toza naslli hamda intellekt jihatdan talabga javob beradi, deya topilib, ularning kinologlariga maxsus sertifikatlar topshirildi. Itlar uchun belgilangan namunadagi diplomlar taqdim etildi.

Eslatib oʻtamiz, “Vatanparvar” tashkiloti, shuningdek, Xalqaro aeronavtika federatsiyasi (FAI), Xalqaro kemamodeli uyushmasi (“NAVIGA”), Xalqaro triatlon uyushmasi (ITU), Xalqaro biatlon uyushmasi (IBU) hamda Osiyo triatlon konfederatsiyasi (ASTC)ning toʻla huquqli doimiy aʼzosi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati