Bogʻlar qiygʻos gulda – yaxlit bir chaman

0
1218

Poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”da Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavalludining 107-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir shunday nomlandi.

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tomonidan tashkil etilgan adabiy kechada yozuvchi va shoirlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, ofitser va serjantlar, muddatli harbiy xizmatchilar, talabalar, oʻquvchilar ishtirok etdi. Dastlab tadbir ishtirokchilari Zulfiya haykali poyiga gulchambarlar qoʻydilar. Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nargiza Asadova, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Amira Salimova atoqli va xassos shoir Zulfiyaxonim siymosi, siyrati va ijodiy faoliyatidagi oʻziga xos jihatlarga toʻxtaldi. Uning odamiylik falsafasi, matonati, Vatanga mehru muhabbati oʻzbek xotin-qizlarining yorqin namunasi ekani qayd etildi.

Yangiyoʻl shahridagi 9-maktab oʻquvchilari Hamid Olimjon hamda Zulfiya hayoti va ijodiga bagʻishlangan sahnali koʻrinishlari namoyish etib, sheʼrlaridan parchalar oʻqishdi. Tadbir yakunida Zulfiya hayoti, asarlarining tarbiyaviy ahamiyati misollar asosida ifodalandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti