Yosh avlod qalbiga yuksak tuygʻularni qadagan tadbir

0
954

Yoshlar qalbida mardlik, jasorat, fidoyilik, vatanparvarlikdek ulugʻ tuygʻularni shakllantirish va mustahkamlashda keksa avlod vakillarining maslahatu oʻgitlari, hayot tarzi ibrat maktabini oʻtaydi. Qurolli Kuchlar davlat muzeyida tashkillashtirilgan “Jasorat darsi” shu jihati bilan ahamiyatli, boʻldi. Shu kuni Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi M. Ulugʻbek nomidagi matematika, astronomiya, fizika, informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabining 4-sinf oʻquvchilari tadbirning aziz mehmoni boʻldi.

“Vatanga qasamyod” monumenti poyiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlangan tadbir muzey ichkarisida davom etdi. Shu kuni oʻquvchilar Qurolli Kuchlar faxriylari, oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari hamda muddatli harbiy xizmatchilar bilan bir stol atrofida jasorat darsini tinglashdi. Qiziqarli oʻyinlar orqali oʻtilgan mashgʻulotda oʻquvchilarning armiya, harbiy xizmat haqidagi tushunchalari sinovdan oʻtkazildi. Mavzu boʻyicha bolalar uchun yangilik boʻlgan maʼlumotlar oʻqituvchilar tomonidan interfaol usullar orqali yetkazildi. Sheʼrlar aytildi, avlodlarga mardlik va jasoratni meros qilib qoldirgan buyuk ajdodlarimizning hayoti faoliyati, shu bilan birga, harbiy kasb nufuzi haqidagi fikrlari tinglandi.

Yosh avlod qalbidagi Vatanga muhabbat va vatanparvarlik tuygʻusini joʻsh urdirgan tadbir muzeyning ekspozitsiya zallari boʻylab uyushtirilgan sayohat davomida oʻzgacha tus oldi. Bolajonlar har bir eksponatni katta qiziqish va hayrat bilan tomosha qildi. Ularga nuroniy faxriylar hamrohlik qilishdi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti