TERRORISTIK G‘OYALAR TARQALISHINING OLDINI OLISH

0
945

Kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez sur’atlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, geosiyosiy maqsadlarga bo‘ysundirilgan, inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangidan yangi usul hamda vositalarining ko‘payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, ko‘plab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solmoqda.

Diniy shiorlarni niqob qilib

So‘nggi yillarda, ayniqsa, dunyoning qator mamlakatlarida, xususan, Yaqin Sharq mamlakatlarida turli noqonuniy qurolli tuzilmalar tomonidan islomiy davlat qurish shiori ostida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmoqda. Oqibatda, Iroq, Suriya, Liviya kabi aslida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mamlakatlar chuqur ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy tanazzulni boshidan kechirmoqda. Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, turli to‘qnashuvlar natijasida arab mamlakatlari iqtisodiyoti 2011 – 2020-yillar oralig‘ida 800 mlrd AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rgan. Qonli fojialar tufayli ushbu davlatlar yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari keskin pasaygan, ishsizlik darajasi deyarli ommaviy tus olgan.

Yuzlab ziyoratgohlar, shia musulmonlarining masjidlari, xristianlarning cherkov va monastirlari, maktab va kutubxonalar vayron qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 500 ga yaqin terrorchilik tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 80 foizi islom niqobi ostida faoliyat yuritadi.

Siyosiy hokimiyatga intilayotgan, diniy shiorlarni niqob qilib olgan aqidaparast oqimlar Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga ham salbiy ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Mutaassib oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini xorijiy mamlakatlardagi mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, Internet orqali targ‘ibot o‘tkazish, oila a’zolari, yaqinlari va qo‘shnilarini o‘z guruhiga tortish, yashirin “hujralar” tashkil etish, diniy-ekstremistik mazmundagi materiallarni bosma, elektron ko‘rinishda tarqatish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Mutaxassislarning fikricha, hozirda 100 mingdan ortiq ekstremizmning turli ko‘rinishlarini o‘zida tashuvchi g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi saytlar faoliyat olib bormoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar singdirilib, ular turli to‘qnashuv va nizo o‘choqlariga jalb qilinmoqda. Muayyan siyosiy kuchlarning nog‘orasiga o‘ynayotgan diniy-ekstremistik va terrorchi oqimlar tomonidan u yerlarda amaliyotni o‘tab kelgan aqidaparast, diydasi qotgan, mustaqil fikrlashdan mahrum, rahnamolarining har qanday buyruqlarini qonun deb biluvchi zombi jangarilardan tinch mintaqalarda ham turli nizolar va beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish maqsadi bugun ko‘pchilikka ayondir.

“Ekstremistik qarmoqlar”

Ayniqsa, “jihodchi” guruhlar o‘z safiga yangi shaxslarni jalb etishda Internet va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Turli Internet saytlari, xususan, “Odnoklassniki”, “Twitter” kabi ijtimoiy saytlarda tashkil etilgan har xil nomlardagi forum va guruhlar “YouTube” portalidan keng foydalanilmoqda. Mazkur guruhlarning targ‘ibotchilari ko‘p vaqtini Internetda o‘tkazuvchi, vaqtincha ishsiz, xorijda pul topish ilinjida yurgan va ijtimoiy holatdan norozi shaxslarni o‘z saflariga qo‘shish maqsadida ular bilan go‘yoki “musulmonlarning azoblanayotgani” haqida suhbatlar olib boradi. So‘ngra islom olamidagi “muammolar” sanab o‘tilib, aybdorlar sifatida dunyoviy davlat va jamiyat ko‘rsatiladi. Bundan keyin esa barcha muammolarning “yechimi” sifatida “kofirlar”ga qarshi “jihod” qilish taklif etiladi. Buning uchun esa avvalambor “hijrat” qilish lozimligi uqtiriladi. Bilimsiz, o‘z mustaqil fikri va atrofdagi hodisalarni tahlil etish malakasiga ega bo‘lmagan yoshlar bunday da’vatlarga uchib, aqidaparast oqimlarga moyil bo‘la boshlaydilar. Qisqa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar “ekstremistik qarmoqlar” vazifasini o‘tamoqda.

Aslida esa yoshlarni o‘z safiga chorlayotgan, o‘zini “mujohid” deb tanitayotgan kimsalar tinch aholini qatl etmoqda, ayol-qizlarni xo‘rlab, nomuslariga tajovuz qilmoqda. Norasida bolalarni o‘ldirmoqda. Islomning beshinchi arkoni bo‘lgan haj amalini bajarishga borayotganlarni “toshga sig‘inuvchilar” deb e’lon qilib, ularga tahdid qilmoqda. Dinimiz qiblasi bo‘lgan muqaddas Baytullohni vayron qilishga va’da bermoqda. Uy-joylar, maktab va kutubxonalar, qishlog‘-u shaharlarni vayron qilib, mo‘ysafid otaxon, mushtipar onalar, norasida go‘daklarni  ko‘chalarda sargardon qilmoqda. Ming taassufki, ayrim yoshlarimiz ichida ham ota-onasini qon yig‘latib, Suriya, Iroq kabi fitna o‘choqlariga ketib qolganlari bo‘ldi. U yerlarda diydasi qotgan jallodlarga aylanib, o‘z yurtiga qurol o‘qtalib, xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid qilishdek tubanlikka yuz tutishdi.

Qarshi kurash

Mustaqil hayotni boshlayotgan yoshlarimizni turmushda ularni og‘ir sinovlar kutib turganini, xususan, bizning yurtimiz, xalqimizga do‘st bo‘lmagan, soxta g‘oyalar bilan hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan o‘smirlarimizni oilasi va Vatanidan ayirib olib, o‘z manfaatlari yo‘lida qurbon qilishdek g‘araz maqsadlarga ega kuchlar borligidan ogohlantirib borish zarur. Yuqorida qayd etilgan holatlar hushyorlikni qo‘ldan boy bermaslik, hamisha ogoh bo‘lib yashash zaruratini yana bir marta ko‘rsatmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan shartnomalarni bajarishda faol qatnashib kelmoqda. Terrorizmga qarshi kurash, uni bartaraf etish masalalariga oid siyosiy-huquqiy hujjatlar BMT, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doiralarida imzolangan. Hozirda O‘zbekiston BMTning terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan asosiy 13 ta hujjatini ratifikatsiya qilgan. BMT Xavfsizlik kengashi Aksilterroristik qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurashdagi xalqaro hamkorligi yuksak baholanadi. Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida “uch yovuz kuch”, ya’ni “terrorchilik”, “ayirmachilik” (separatizm) va “ekstremizm”ga qarshi kurashda hamkorlikni rivojlantirish alohida o‘rin tutadi. 2004-yildan beri Toshkentda ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan xalqaro terrorizmga qarshi kurashda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. O‘z navbatida, jamiyatimizda diniy ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishining oldini olishda profilaktik va tushuntirish ishlari saviyasi va ta’sirchanligini tizimli ravishda kuchaytirib borish bugungi kunning hayotiy muhim masalasiga aylandi.

Hozirgi kunda respublikamizda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda davlat va fuqarolik jamiyatining samarali hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Davlat amaldagi qonunlarimizga zid ravishda konstitutsion tuzumga qarshi guruhlarning faoliyatini aniqlaydi va ularga chek qo‘yadi. Jamiyat OAV, ma’naviyat yo‘nalishda faoliyat yuritadigan tuzilmalar, jamoat va diniy tashkilotlar orqali fuqarolarni aqidaparast g‘oyalarning ta’siriga tushib qolishining oldini olishga qaratilgan profilaktik va tushuntirish ishlarini amalga oshiradi. Xususan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi davlat idoralari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida dastur asosida tizimli faoliyat yuritmoqda. Targ‘ibot va tushuntirish ishlari OAV, Internet, tele va radiodasturlardagi chiqishlar, o‘quv muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, turli tashkilot va korxonalarda ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish shakllarida amalga oshirilmoqda. Ulamolarimiz davriy ravishda tashkil etilayotgan uchrashuvlarda mutaassib da’vatchilarning soxta da’volarini dalillar bilan fosh etib, aholini, ayniqsa, yoshlarni aldovlarga uchmaslikka chaqirmoqdalar.

Tinchlikni asrash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Shu nuqtayi nazardan, globallashuv jarayonlari shiddatli tus olgan hozirgi zamonda xalqimizda, ayniqsa, yoshlarda milliy g‘urur, iftixor tuyg‘usini yanada chuqurroq shakllantirish, yot g‘oyalardan saqlovchi mafkuraviy immunitetni shakllantirish O‘zbekiston kelajagiga o‘zini mas’ul hisoblovchi barcha yurtdoshlarimizning muhim vazifasi bo‘lib qoladi.

Abduvali SOIBNAZAROV, siyosiy sharhlovchi