Toshkent tumanida tematik sinflar foydalanishga topshirildi

0
1220

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Toshkent tumanidagi 11-umumtaʼlim maktabda mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar hamda oʻquvchi-yoshlar uchun harbiy-vatanparvalik festivali oʻtkazishdi.

Festival avvalida zamonaviy targʻibot vositalari asosida jihozlangan Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk bobokalonlarimizning qahramonliklari, jang sanʼati, jasorati va vatanparvarligi aks ettirilgan tematik sinflar maktab oʻquvchilari uchun foydalanishga topshirildi.

Tadbirda soʻz olganlar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, ertamiz davomchilari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlari zarurligi toʻgʻrisida bir qator takliflar berib, bugun Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish har bir yosh uchun sharaf va gʻurur timsoliga aylanib ulgurganligini taʼkidlab oʻtishdi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qoʻl-jangi boʻyicha chiqishlar va musiqiy dasturlar barcha yigʻilganlarda iliq taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida oʻtkazilgan sport musobaqalari gʻoliblari, faol yoshlar hamda ustoz va murabbiylarga qoʻshinlar qoʻmondonining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti