Namangan yoshlari uchun harbiy-vatanparvarlik oʻquv-amaliy mashgʻulotlari boshlandi

0
3322

Namangan viloyati Mudofaa ishlari boʻlimi qoshidagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazida yoshlar uchun yetti kunlik oʻquv yigʻini tashkil etildi. Oʻquv yigʻinining birinchi bosqichiga viloyatning Chust, Pop, Uychi, Uchqoʻrgʻon, Chortoq, Mingbuloq hamda Yangiqoʻrgʻon tumani yoshlari bilan jalb etilgan boʻlsa, ikkinchi bosqichda Namangan shahri va tumani, Davlatobod, Yangi Namangan, Norin, Kosonsoy hamda Toʻraqoʻrgʻon tumanlarida istiqomat qilayotgan ertamiz egalari ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Oʻquv yigʻinining ochilish marosimida viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi va Namangan harbiy prokuraturasi xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Unda soʻz olganlar tashkil etilgan yigʻin zamirida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ona yurtga sadoqatli, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash bilan birga harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish kabi maqsadlar mujassam ekanligini alohida taʼkidlashdi.

Tadbirning badiiy qismida yurt oʻgʻlonlarining qoʻl jangi elementlarini oʻzida jamlagan koʻrgazmali chiqishlar, ulugʻ bobolarimizning hayoti va jangovar sanʼati teatrlashtirilgan tarixiy sahna koʻrinishlari yigʻilganlarga namoyish etildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati