Uch avlod uchrashuvi

0
3283

Yaxshi yigit yurt tuzar, yomon yigit yurt buzar.

Xalqimizning bu maqoli bekorga aytilmagan. Oilada oʻgʻil farzand tugʻilsa, yurtning himoyachisi yana bittaga koʻpaydi, deb quvongan.

Bolalarga vatanparvarlik ruhini dastlab oʻz onalari jo qilishadi. Soʻngra atrof-muhit ham oʻz taʼsirini oʻtkaza boshlaydi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida yurtimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ulardan biri Mudofaa vazirligining Toshkent shahridagi harbiy qismlaridan birida boʻlib oʻtdi. Mudofaa vazirligi Faxriylar kengashi aʼzolari, harbiy xizmatchilar va oʻquvchi yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan mazkur uchrashuvda mehmonlar qoʻmondonlik hududidagi “Yoshlar bogʻi”, “Harbiylar tarixi muzeyi” va “Adiblar xiyoboni”ga sayohat qilindi.

Tashrifning eng qiziqarli qismi saf maydonida boʻldi. Faxriy qorovul va harbiy xizmatchilarning qoʻl-jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari yosh avlod qalbida harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishni yanada oshirdi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Harbiy xizmatchilarning xatti-harakatlaridan taʼsirlangan oʻquvchilar ularga taqlidan saf qoʻshiqlarini kuylab koʻzlarni quvontirdi.

Tadbirning asosiy qismi madaniyat markazida boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqan qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli va Vatan taqdiri, yurt tinchligi va himoyasi yoʻlida bor salohiyati bilan masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir yoʻlida olib borilayotgan ishlarni taʼkidlab oʻtib, bu ishlarda faol boʻlayotgan Qurolli Kuchlar faxriylariga minnatdorchilik bildirdi. Yoshlarga oʻtgan kunimizdan faxrlanish, bugungi kunga shukrona keltirish va ertangi kunimizga ishonch bilan yuzlanish toʻgʻrisida tavsiyalar berib oʻtdi.

Muattar MELIYEVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti