Mehr koʻzda, mehr soʻzda

0
1213

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi harbiy xizmatchilari va Respublika Harbiy prokuraturasi xodimlari  Yashnobod tumanidagi 30-Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda ishtirok etishdi.

Unda harbiy prokuratura xodimlari va yoshlar oʻrtasida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Suhbat davomida yoshlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, kelajak avlod vakillariga yaratilayotgan imkoniyatlar, harbiy xizmatni oʻtash yoʻl-yoʻriqlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.

– Yoshlarga boʻlgan doimiy eʼtibor, gʻamxoʻrlik, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish, ijtimoiy hayotdagi rolini oshirish davlatimizning bugungi kundagi ustuvor vazifalaridan biridir, – deydi adliya polkovnigi, Respublika harbiy prokurori katta yordamchisi Sherzod Hayitov. – Yosh avlod vakillarini jamlagan ushbu tadbir ham kelajak avlodning harbiy hayotga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qiladi, deb oʻylayman.

Shuningdek, tadbir davomida harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari, tuman madaniyat uyi xonandalarining kuy-qoʻshiqlari yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi, bolajonlar qoʻngliga iliqlik olib kirdi.

Tadbirda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga ham batafsil javob oldi. Yakunda tarbiyalanuvchilarga sovgʻa-salomlar ulashildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti