Janubda bir guruh harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar kalitlari topshirildi

0
3007

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugga qarashli Xayrobod garnizonida bir guruh harbiy xizmatchilarga yangi zamonaviy yashash xonadonlarining kalitlari topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev tadbirda soʻzga chiqib, bugun Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga chuqur eʼtibor qaratilayotganligini alohida taʼkidlab oʻtdi va yashash xonadonlari bilan taʼminlangan barcha harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini tabrikladi.

Zamonaviy koʻrinishda barpo etilgan 30 xonadonga moʻljallangan koʻp qavatli uyda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun barcha zarur qulayliklar yaratilgan.

– Bu yerdagi qulayliklardan ayniqsa, turmush oʻrtogʻim va farzandlarimiz juda xursand boʻlishdi. Sababi, yashash xonadonimizga yaqin joyda maktabgacha taʼlim muassasasi ham bor ekan. Shuningdek, harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining 50 nafardan ziyodini ish bilan taʼminlash imkoniyatiga ega yangi zamonaviy tikuv sexi mavjudligi ham bizga juda katta quvontirdi. Bizga shunday shart-sharoitlar yaratib berayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz, – deydi kichik serjant Doston Abdullayev.

Shu kuni xizmat uyi topshirilgan barcha harbiy xizmatchilarga Janubiy operativ qoʻmondonligi va Denov tumani hokimi tomonidan esdalik sovgʻalari ham topshirildi.

Tuman madaniyat boʻlimi xonandalari hamda harbiy orkestr tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi yigʻilganlarga yanada xush kayfiyat ulashdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni