Soʻxda yurt oʻgʻlonlari nazorat sinovlarini topshirdilar

0
2484

Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy, jismoniy, axloqiy-ruhiy tayyorgarliklarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ularning har tomonlama yetuk va salohiyatli boʻlib shakllanishida oʻtkazilayotgan mashgʻulotlarning oʻrni beqiyosdir.

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Soʻx garnizonida joylashgan harbiy qismda Vatan himoyachilari navbatdagi nazorat sinov mashgʻulotlarini muvaffaqiyatli topshirishdi.

Sinovlarda avvaliga harbiy xizmatchilarning ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, taktik tayyorgarlik, otish tayyorgarligi kabi mashgʻulotlardan olgan nazariy bilimlari hamda jismoniy tayyorgarliklari sinovdan oʻtkazildi.

Sinovlar turnikda tortilish, 100 metr va 3 km. ga yugurish kabi jismoniy mashqlar bilan boshlandi. Harbiy xizmatchilarning guruh va shaxsiy qurollardan moʻljalga olishdagi merganlik mahoratlari ham koʻrikdan oʻtkazildi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilarning komandirlik tayyorgarligi, harbiy topografiya va har qanday sharoit va vaziyatda qoʻshinni toʻgʻri boshqarish orqali turli noqulay va jangovar vaziyatlarda tezkor hamda toʻgʻri qaror qabul qilish kabi bilim va koʻnikmalari ham sinovdan oʻtkazildi.

Nazorat sinov mashgʻulotlari harbiy okrug masʼul ofitserlari tomonidan shaffoflik bilan baholanib borildi va yakunda natijalar tahlil qilindi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati