Zukko va salohiyatli yoshlar uchrashuvi

0
1701

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiya yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktabda “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida davra suhbati oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda institut professor-oʻqituvchilari, bir guruh ofitserlar, kursantlar va oʻquvchilar ishtirok etdi. Tadbirda taʼkidlanganidek, har ikki taʼlim muassasasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bir kunda tashkil etilib, foydalanishga topshirilgan. Buning zamirida zamonaviy ilm-fan va axborot texnologiyalarini mukammal egallagan, strategik fikrlaydigan, mehnat bozorida raqobatbardosh, vatanparvar, yetuk kadrlar tayyorlash maqsadi koʻzlangan.

Dastlab maktab oʻquvchilariga harbiy institut tarixi va hozirgi faoliyati xususida videorolik orqali maʼlumot berildi. Dunyo standartlari darajasida jihozlangan zamonaviy oliy harbiy taʼlim muassasasida yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

Institut laboratoriyasi va ilmiy-tadqiqot markazida kursantlar tomonidan tayyorlangan texnik ishlanmalar koʻrgazmasida yosh ixtirochilarning innovatsion ishlanmalari namoyish etildi. Oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga institut kafedra boshligʻi polkovnik O.Mirjalolov, mayor Sh.Hakimov, katta leytenant A.Rahimovdan batafsil javob oldilar.

Tadbir soʻngida ikki tomonlama hamkorlik rejasiga asosan, IT boʻyicha oʻzaro mahorat darslari, sport va intellektual musobaqalar tashkil etib borish boʻyicha kelishib olindi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti