Andijonda tematik sinflar foydalanishga topshirildi

0
2353

Mudofaa vazirligining harbiy qismlaridan biriga biriktirilgan Andijon tumanidagi 8-umumtaʼlim maktabining Sohibqiron Amir Temur va Sulton Jaloliddin Manguberdi oʻquv sinflari ajdodlarimizning qahramonligi, sarkardalik mahoratlari va jang sanʼatlari hamda boshqa maʼlumotlardan iborat boʻlgan zamonaviy targʻibot vositalari va fotoalbomlar bilan jihozlandi.

Tematik sinflarning ochilish marosimida harbiy qism qoʻmondonligi, Andijon viloyati va tuman hokimligi vakillari, xalq taʼlimi boʻlimi xodimlari, Mudofaa vazirligi faxriylari, nafaqadagi ustozlar, harbiy qism harbiy xizmatchilari, mahalla yoshlari va hamkorlik qilib kelayotgan jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida maktab oʻquvchilari tomonidan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi va Zahiriddin Muhammad Boburning jang sanʼati va qahramonligini aks ettirgan sahna koʻrinishlari, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari, raqs va kuy-qoʻshiqlar namoyishi ishtirokchilarga koʻtarinkilik bagʻishladi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan milliy armiyamizdagi mavjud qurol-aslahalar, aloqa vositalari, optik kuzatuv asboblari, kiyim-kechak va boshqa taʼminot turlari boʻyicha tashkil qilingan koʻrgazma va oʻquv nuqtalaridagi targʻibot mashgʻulotlari oʻquvchilar va mahalla yoshlarida katta taassurot qoldirdi.

Shu kuni tadbir rejasiga asosan maktab oʻquvchilari va mahalla yoshlari bilan “Komandir va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda oʻquvchi yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga harbiy qism qoʻmondonligi va soha mutaxassislaridan yetarlicha javoblar olishdi.

Tadbir soʻngida harbiy qism qoʻmondonligining maktab uchun kitoblar toʻplami va ishtirokchilarga esdalik sovgʻalar topshirildi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti