Boʻkalik yoshlarda bayramona kayfiyat

0
2033

Milliy armiyani xalqqa yanada yaqinlashtirib, Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etilayotgani sir emas. Bunday tadbirlar geografiyasi olis mahalla va qishloq yoshlarini qamrab olayotgani quvonarlidir. Harbiy-vatanparvarlik ruhidagi bunday festivallarni koʻrib, chinakam sayil deysiz.

Boʻka tumanidagi yoshlar bogʻi hudud jihatidan ancha keng. “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostidagi festivalga yaqin-uzoqdan kelgan boʻkalik yoshlar salmogʻi undan kam emas. Shunga monand tarzda bayramona tadbir dasturi kun boʻyi koʻtarinki ruhda davom etdi.

Bogʻ toʻrida harbiy texnika va qurol-aslahalar bir qatorga terilgan. Yigit-qizlar harbiylar koʻmagida ularning texnik-taktik xususiyatlari bilan tanisha turib, bu lahzalarni esdalik uchun suratga muhrladi. Yurtimiz posbonlarining koʻrgazmali chiqishlari festival ishtirokchilarini bir davraga jamladi.

Maktab va mahallalar kesimidagi arqon tortish, futbol, voleybol, shaxmat, shashka, stol tennisi musobaqalari oʻtgan ochiq stadion oʻquvchi yoshlar bilan gavjum. Bogʻ yoʻlaklarida tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi oʻquvchilarining turli toʻgaraklarda qoʻl mehnati yordamida tayyorlagan bejirim sanʼat asarlari tomoshabinni oʻziga mahliyo etadi, koʻzni quvnatadi. Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy orkestri, isteʼdodli xonandalarning kuy-qoʻshiqlari festivalning bayramona oʻtishiga hissa qoʻshdi.

“Zakovat” aql bellashuvi va “Yosh kitobxon” tanlovida gʻoliblikka daʼvogarlar talaygina. Hakamlarga ular ichidan eng bilimdon va zukkosini saralash oson boʻlmadi. Har ikki yoʻnalishda gʻolibni aniqlash uchun belgilangan shartlardan tashqari qoʻshimcha savollar berishga toʻgʻri keldi. Shu tariqa besh muhim tashabbus ijrosining samaralari koʻz oʻngimizda gavdalanadi.

Mudofaa, Ichki ishlar, Xalq taʼlimi, Madaniyat, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklarining hududiy boshqarmalari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazining hududiy boʻlimlari, tuman hokimligi singari qator tashkilot, idoralar hamkorligida oʻtkazilgan tadbir qoʻlamini hamkorlikdagi tashkilotchilar koʻrsatib turibdi. Festival yakunida gʻolib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovgʻalar topshirildi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti