Xalqona tus olayotgan festival

0
4489

Ommaviy axborot vositalari orqali yurtimizning turli hududlarida harbiy-vatanparvarlik festivallari oʻtkazilayotganidan xabardorsiz, albatta. Ana shunday festivallarning navbatdagisi Toshkent tumanidagi 9-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtdi.

Tuman markazida joylashgan ushbu maktabda tashkil etilgan mazkur festival chinakam yoshlar bayramiga aylanib ketdi. Shu yerda bir muhim jihatga eʼtiboringizni qaratmoqchi edim. Festival qish yakunlanib, yurtimizga bahor fasli kirib kelayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda. Odamlar, yoshlar bunday tantanalarni ancha sogʻingan. Shu bois karnay-surnay, harbiy orkestr sadolarini eshitgan butun xalq bu yerga jam boʻlgan.

Harbiy texnikalar va badiiy sanʼat koʻrgazmalari, sport musobaqalari, kitoblar taqdimoti, pazandalik, tikuvchilik, sartaroshlikdan master-klasslar, doshqozonlarda qaynayotgan sumalak, chorpoyalarda oʻtirib suhbat qurayotgan nuroniy otaxonu, tabarruk onaxonlar; bularning bari xalqimizning sevimli bayramlaridan biri Navroʻz saylini eslatadi.

Biz ijodiy jamoamiz bilan bu yerga kelganimizda dastavval tuman Navroʻz saylini birinchilardan boʻlib boshlab beribdi-da, degan xayolga borganimiz ham rost. Ammo bu kuch tuzilmalari, xususan, Mudofaa vazirligi bosh-qosh boʻlib oʻtkazayotgan yoshlar festivali. Ha, bu kabi tadbirlarning odamlar qalbiga kirib borib, shunday xalqonalik kasb etib borayotgani chin boʻlsin.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti