Orzuning ushalgan kuni

0
762

Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan 101-ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchi yoshlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga borishni anchadan beri niyat qilib yurardi. Bu orzu akademiya tomonidan tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”da roʻyobga chiqdi.

Maktab-internat direktori Dinara Sadikova boshchiligidagi jamoani akademiya jamoasi iliq kutib oldi. Markaziy Osiyoda yagona, jangovar saflarga yetuk va malakali ofitser kadrlarni yetkazib beradigan ushbu oliy harbiy taʼlim muassasasi bir asrlik tarixga ega. Oʻquvchilar dastlab shu va shunga oʻxshash bir-biridan qiziqarli maʼlumotlar bilan akademiya muzeyida tanishdilar.

Shundan soʻng bu yerdagi taʼlim tizimi, kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shaxsiy rivojlanishlari uchun yaratilgan qulayliklar, yashash tarzi va kundalik faoliyat haqida batafsil maʼlumot berildi. Oʻquvchilarga hamrohlik qilgan Respublika Harbiy prokurorining katta yordamchisi adliya polkovnigi Sherzod Haitov milliy armiyamizning dunyodagi nufuzi, Qurolli Kuchlar tizimidagi islohotlar va harbiylarimiz qoʻlga kiritayotgan yutuqlar bilan tanishtirib oʻtdi.

Toʻgʻri, maktab-internat oʻquvchilarining eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan. Ammo ularning mehnatkashligi, shijoati va gʻayrati kishida havas uygʻotadi. Bu jihat panoramali elektron oʻq otish trenajyorida yaqqol namoyon boʻldi. Oʻquvchilar nishonni bexato urishda kursantlardan sira qolishmadi.

Bir olam taassurotlarga boy boʻlgan kun ana shunday yakunlandi, oʻquvchilar orzusi ushaldi. Buni chin maʼnoda orzuning ushalgan kuni, deyish mumkin.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti