“Balli, ayollar” koʻrik-tanlovining qoʻmondonlik bosqichi boʻlib oʻtdi

0
1409

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismlardan birida “Balli, ayollar” koʻrik-tanlovining qoʻmondonlik bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda harbiy qismlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 7 nafar beka ishtirok etdi. Toʻrtta shartdan iborat tanlovda qatnashchilarning chiqishlari hayʼat aʼzolari tomonidan sinchkovlik va xolislik prinsiplariga asoslangan holda baholab borildi.

Tanlov murosasiz bahslarga boy tarzda oʻtkazildi. Ayniqsa, bekalarning oʻz oila aʼzolari bilan sahna koʻrinishlarida ishtirok etishi tanlovga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi.

– Bugungi ishtirokchilarning har biri gʻoliblikka daʼvogarlik qildi. Harbiy qismlarda gʻolib boʻlib, qoʻmondonlik bosqichiga yetib kelganining oʻziyoq ularning zukko va salohiyatli ekanidan dalolat, – deydi hayʼat raisi Zulfiya Mansurova. – Hakamlarga ham baholash jarayoni oson boʻlmadi. Sababi, 7 nafar kelinimizning har birida oʻzgacha isteʼdod bor ekan. Ammo bu oʻz nomi bilan koʻrik-tanlov, gʻolib albatta aniqlanishi kerak. Hatto shunday lahzalar boʻldiki, ikki nafar oʻta isteʼdodli kelinlarning ballari bir xil boʻlib qolgan paytda ularga shart ichida shart berib, kuchlirogʻi gʻolib boʻlishi uchun imkon taqdim etildi. Oʻylaymanki, hech bir ishtirokchi hakamlar tomonidan chiqarilgan qarorlardan norozi boʻlmadi. Tanlov haqqoniy va xolis oʻtkazildi. Munosib kelinimiz gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Nihoyat, gʻolib va sovrindorlar aniqlandi hamda diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Birinchi oʻrin serjant Akmal Imomovning ayoli Dilrabo Tilovovaga nasib etdi hamda Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

Tadbir soʻngida gʻoliblarni aniqlashda xolisona ishtirok etgan hayʼat aʼzolariga minnatdorchilik bildirilib, tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar taqdim etildi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti