Betakror va barhayot siymolar

0
3128

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyida soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan “Betakror va barhayot siymolar” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi Faxriylar kengashi, “Turon” davlat harbiy teatri, Mudofaa vazirligi avariya-tiklash boshqarmasining “Impuls” harbiy ansambli, harbiy xizmatchilar, talabalar hamda oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi.

Buyuk mutafakkirlar Navoiy va Bobur ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak choʻqqisi sanaladi. Navoiy turkiy til asosida betakror bogʻ yaratib, dunyo ahlini lol qoldirgan boʻlsa, Bobur bu anʼanani davom ettirib, nazm gulshanidagi bepoyon bogʻni chin maʼnoda boʻstonga aylantirgan va olis hind yurtida ham ijodkorlarga rahnamolik qilgan. Shu bois ikki buyuk bobomizning ijodiy merosi yana asrlar davomida oʻrganib boraveriladi.

“Betakror va barhayot siymolar” mavzusidagi maʼnaviy tadbir ham shu maʼnoda tashkil etildi. Tadbirda navoiyshunos olimlar Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin tutgan ikki buyuk daho hayoti va ijodining yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishdagi oʻrni xususida toʻxtalib oʻtdilar.

Shuningdek, filologiya fanlari nomzodi, professor Rahimboy Jumaniyozov Navoiyning sheʼriy va nasriy asarlarida tarannum etiluvchi yuksak umuminsoniy gʻoyalar, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlari butun jozibasi va latofati bilan yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egallab, nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida yuksak oʻrin tutishini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir davomida “Turon” davlat harbiy teatri aktyorlari tomonidan ulugʻ allomalar hayoti va ijodi bilan bogʻliq sahna koʻrinishlari namoyish etildi. “Impuls” harbiy ansambli xonandalari esa Navoiy va Boburning oʻlmas gʻazallarini dutor va tanbur joʻrligida ijro etishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti