Angorda “Viloyat hokimi kubogi” uchun intellektual va sport bellashuvlari boʻlib oʻtdi

0
2451

Surxondaryo viloyatining Angor tumani “Novshahar” mahallasida “Viloyat hokimi kubogi” uchun yoshlar va harbiy xizmatchilar oʻrtasida “Zakovat” va “Yosh kitobxon” intellektual oʻyinlari hamda sportning futbol, voleybol turlari boʻyicha musobaqalar boʻlib oʻtdi.

Tadbirda viloyat hokimi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, Termiz harbiy prokurori va yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida shuningdek, jangovar texnikalar va qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi, faxriy qorovulning koʻrgazmali chiqishlari hamda harbiy orkestr jamoasining vatanparvarlik ruhidagi kuy va qoʻshiqlari tashkil etilib, yigʻilganlarga koʻtarinkilik bagʻishladi.

Musobaqada sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan gʻolib jamoalarga viloyat hokimi tomonidan medal, esdalik sovgʻalari hamda pul mukofotlari topshirildi.

Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarda yoshlar oʻrtasida “Viloyat hokimi kubogi” uchun sport musobaqalari davom etmoqda.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni