Harbiy-vatanparvarlik tadbirlari barcha mahallalarga kirib boradi

0
2637

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi harbiy kengashining Surxondaryo viloyatida “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” shiori ostida mahallalarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yoʻnalishidagi tadbirlarni muvofiqlashtirish boʻyicha yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Termiz garnizonidagi harbiy qism madaniyat markazida boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Toʻra Bobolov, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Z.Iminov, harbiy kengash va harbiy-maʼmuriy sektor aʼzolari, viloyat hududida joylashgan barcha kuch tuzilmalari boshqarma boshliqlari, harbiy qism komandirlari va muassasa boshliqlari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab Markaziy Osiyo mintaqasidagi harbiy-siyosiy vaziyat boʻyicha maʼlumotlar berildi. Shundan soʻng viloyat hokimi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, viloyatdagi kuch tuzilmalari boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi masalalar yuzasidan maʼruzalari hamda yoshlarning fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi.

Prezidentning “Mahallada yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo hamkorlikni taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab olindi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni